Putinning diplomatik yurishi
O‘tgan hafta oxiri Shveysariyada Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik muzokarasiga bag‘ishlangan konferensiya Vladimir Putinsiz o‘tdi. Rossiya yetakchisi bu hafta ikki davlatga rasmiy tashrif amalga oshirishga ulgurdi. 18 iyun tunida Pxenyan aeroportida Putinni shaxsan Kim Chin In kutib oldi. Bu Putinning 24 yil ichidagi ushbu davlatga birinchi tashrifi. Ikki Prezident suhbati aeroportdan boshlandi, ular birga RF rahbari “Aurus”ida ketdi.
Moskva hamda Pxenyan siyosat, iqtisodiyot va boshqa sohalardagi G‘arb sanksiyasiga qarshi turishga kelishib olgan. Uchinchi davlat tajovuz qiladigan bo‘lsa, endi tomonlar bir-biriga yordam beradi. Hozircha bu jarayonning aniq tartibi ma’lum emas. Shuningdek, Kim Chen In Rossiyaning Ukrainaga yurishini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
Putin koreyalik hamkasbiga yana bir bor limuzin sovg‘a qildi, evaziga ikki zotdor it qabul qilib oldi.
Pxenyan uchrashuvidan so‘ng to‘g‘ri Vetnamga uchgan Putin Xanoyda rasmiylar tomonidan kutib olingan. Tomonlar keng qamrovli strategik shartnoma imzolagani ma’lum.
Prezident Vladimir Putinning aytishicha, Rossiya Shimoliy Koreyaga qurol yetkazib berishi mumkin va bu G‘arbning Ukrainani qurollantirishiga javob. Rossiya rahbari Vetnamdagi matbuot anjumanida KXDR bilan mudofaa shartnomasi imzolanganini tasdiqladi.
– Men Pxenyanda ham dunyoning turli mintaqalariga qurol yetkazib berish huquqini saqlab qolishimizni aytdim, – degan u. – Shimoliy Koreya misolida ham buni istisno qilmayman.
Putin yadro doktrinasi qayta ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilib, potensial raqiblar yadro qurolidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish bilan bog‘liq yangi amallar ustida ishlayotganini qo‘shimcha qilgan.
Rossiyaning harbiy yurishi
O‘tgan hafta Putin urushni to‘xtatish shartini aytgan edi, bu gal Rossiyaning AQSHdagi elchisi Anatoliy Antonov G‘arbning jangni tugatish istagini xayoliy sanab, bir necha bayonot berdi.
– Bu masalada suhbat Oq uyning “imperatorlik” xohishi va buyrug‘isiz o‘tkazilishi shart, – degan Antonov. – Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z irodasini barcha mamlakatlarga tatbiq etishga doimiy intilish befoyda ekanini tan olishi vaqti keldi. Ko‘p qutblilik tomon o‘sib borayotgan siljishni endi to‘xtatib bo‘lmasligini anglab yetish kerak.
Elchiga ko‘ra, ikkinchi tomon Rossiyaning hududiy da’vosini e’tiborga olishi lozim.
Hafta oxirida Rossiya kuchlari Ukrainaning Xarkov viloyatidagi Lipsi qishlog‘iga 3 tonnalik bomba tashladi. Bu hozirgacha ishlatilgan eng og‘ir portlovchi qurol.
“Fighterbomber” kanali quroldan foydalanish jarayoni aks etgan video lavhani tarqatgan. Zarba oqibatida Ukraina Qurolli Kuchlari vaqtincha foydalanayotgan 3 qavatli bino nishonga olingani aytilgan.
18 iyundan Ukrainada harbiy safarbarlik kuchga kirdi. Shundan so‘ng 47 kishi armiyaga qo‘shilmaslik uchun qochishga uringan. Germaniya Bundestagida eng yirik muxolifat fraksiyasi kotibi Torsten Frey ko‘proq odamlarni armiyaga jalb etishda Ukrainaga yordam berish uchun qochoqlarni ijtimoiy imtiyozdan mahrum qilishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga nafaqat qurol, balki ko‘proq jangchi ham kerak. Afsuski, harbiy xizmatga yaroqli juda ko‘p odam mamlakatni tark etgan.
G‘azodagi vaziyat
Armaniston Falastinni mustaqil davlat sifatida rasman tan oldi.
– Armaniston G‘azoda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha BMT rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlaydi va Falastin – Isroil mojarosini ikki davlat tamoyili asosida hal etish tarafdori, – deyilgan mamlakat Tashqi ishlar vazirligi keltirgan xabarda.
Ko‘p o‘tmay, Binyamin Netanyahu ma’muriyati bunday siyosiy qaror ikki mamlakat munosabatida jiddiy salbiy oqibat keltirib chiqarishidan ogohlantirdi.
– Armaniston Falastinni suveren davlat sifatida tan olishi HAMAS terrorchilari uchun mukofot, – deyilgan Bosh vazir maslahatchisi bayonotida.
Isroil yuqori martabali vakili Daniel Xagariy fikricha, HAMASni yo‘q qilib bo‘lmaydi, chunki bu mafkuraviy guruh.
<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/G92DtsRaUHU" title="Ukrainada harbiy safarbarlik, Putinning diplomatik yurishiva Gʻazodagi vaziyat – Xalqaro dayjest" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Yakunlanayotgan haftada Isroil shimoliy qo‘mondonligi Livanga qarshi urush rejasini tasdiqladi.
– Biz “Hizbulloh” va Livanga qarshi qoidani o‘zgartirishga qaror qilishga juda yaqin turibmiz. “Hizbulloh” yo‘q qilinadi, Livanga keskin zarba beriladi, – deb yozgan Isroil tashqi ishlar vaziri Kats.
Shuningdek, Livanga hujum qilish bo‘yicha tezkor reja tasdiqlanib, dala qo‘shinlari tayyorgarligini oshirish davom etishiga oid qaror qabul qilingan.
Sardorbek Poyonov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA