Bugun Ukraina Varshavada Xalqaro energetika agentligiga assotsiatsiyalangan a’zo sifatida qo‘shilish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.
Bu haqda “Anadolu” agentligi ma’lum qildi.
Xalqaro energetika agentligi ijrochi direktori Fotih Birol qaror tashkilotning barcha a’zolari tomonidan bir ovozdan qabul qilinganini aytdi.
Ukraina energetika vaziri German Galuenko, o‘z navbatida, Rossiya bilan urush fonida ham o‘z mamlakati energetika tizimining yaxshi muvofiqlashtirilgan va samarali ishlashiga e’tibor qaratdi.
Assotsiatsiyalangan a’zolik mamlakatga agentlik qo‘mitalari, yig‘ilishlar va seminarlarda ishtirok etish imkonini beradi. Ukraina bu maqomda tashkilotga qo‘shilgan o‘n birinchi davlatdir.
Bungacha Argentina, Braziliya, Xitoy, Misr, Hindiston, Indoneziya, Marokash, Singapur, Janubiy Afrika va Tailand XEAning assotsiatsiyalangan a’zolari sifatida bitim imzolagan.
Umuman olganda, bugungi kunda mazkur tashkilotga 31 davlat kiradi.
Ulug‘bek Mahmirzayev