Ukraina kutubxonalarida "derusifikatsiya" dasturi doirasida 2022 yilda rus tilida chop etilgan 20 millionta kitob yo‘q qilindi, deb xabar tarqatdi seshanba kuni Ukrainaning 5.ua telekanali.
"Ukraina kutubxonalari derusifikatsiya doirasida bir yil ichida 20 million donadan ziyod kitobni yo‘q qildi. Kitob javonlaridan Rossiya agressiyasini qo‘llab-quvvatlagan mualliflarning kitoblari olib tashlangan. Shuningdek, sanksiya ostida bo‘lgan va millatlararo va diniy nizolarga chaqiruvchi nashrlar ham yo‘q qilingan", – deyiladi telekanal sayti e’lon qilgan videoda.
Dnepropetrovsk shahar xalq kutubxonasi direktori Yuliya Bardukovoyning ta’kidlashicha, Rossiyada nashrdan chiqqan barcha kitoblar qayta ko‘rib chiqiladi. Ukraina madaniyat vazirligidan shunday tavsiya olingan. Uning aytishicha, rus tilida yozilgan adabiyotlar ochiq fondlardan olinadi va makulaturaga topshiriladi. Eng qiyin vaziyat ilmiy kutubxonalar bilan bog‘liq bo‘lmoqda, chunki ushbu ilmiy adabiyotlarning ukrain tilida yozilgan variantlari yo‘q, deb qo‘shimcha qilgan u.