2 iyun kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Ukraina bilan Rossiya o‘rtasida tinchlik muzokarasi davom ettiriladi. Uchrashuv arafasida Ukraina tomoni Rossiyaga taqdim etiladigan tinchlik taklifi matnini e’lon qildi.
Bitimning asosiy tamoyili va muzokara jarayoni bir necha maqsadni nazarda tutadi.
Masalan, muloqotni boshlash uchun zarur shart va asos sifatida havo, quruqlik va dengizda to‘liq, so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish taklifi ilgari surilgan.
Ishonchni mustahkamlash chorasi va gumanitar masala, jumladan deportatsiya qilingan va noqonuniy ko‘chirilgan barcha ukrainalik bolalarni so‘zsiz qaytarish, “hamma hamma uchun” tamoyili asosida barcha harbiy asirlarni almashish, RF tomonidan hamma garovga olingan fuqarolarni ozod qilish taklifi bildirilgan.
Shuningdek, matnda agressiyani takrorlamaslik, barqaror tinchlik va xavfsizlik uchun doimiy asosni tiklash va yangi tajovuzning oldini olish zarur, deyilgan.
Ukraina ishonchli xavfsizlik kafolatini olishi kerak, tomonlar kelishuv bajarilishini ta’minlashi uchun xalqaro hamjamiyatni muzokaraga taklif qiladi.
Suverenitet borasida Ukraina betaraf pozitsiya tanlashga majbur emas. Ya’ni Yevro-Atlantika hamjamiyati sari yo‘l tanlashi, YeIga a’zolik uchun harakat qilishi mumkin. NATO a’zoligiga – alyansning barcha a’zolari roziligi bilan erishiladi. Ukraina Qurolli kuchlarining soni, joylashuvi va boshqa jihatlari, shuningdek Ukraina hududida do‘st davlatlar qo‘shinlarini joylashtirish bo‘yicha hech qanday cheklov bo‘lishi mumkin emas.
Loyihaning ҳудудий muammoga bag‘ishlangan yana bir бандида xalqaro hamjamiyat tomonidan Rossiyaning 2014 yildan buyon olib borgan hududlarni egallash siyosati tan olinmasligi ta’kidlangan. Aloqa chizig‘i muzokara uchun boshlanish nuqtasi hisoblanadi. Hududiy masala faqat to‘liq va so‘zsiz o‘t ochish to‘xtatilgandan keyingina muhokama qilinadi.
Sanksiya borasida ham takliflar bildirilgan. Ba’zi cheklovlar bekor qilinishi mumkin, lekin bosqichma-bosqich va asta-sekin, rioya qilinmaslik holatida “darhol orqaga qaytish” mexanizmi (snapback) asosida. Bundan tashqari muzlatilgan Rossiya aktivlari Ukrainani tiklash uchun ishlatiladi yoki tovon to‘lanmaguncha muzlatilgan holda qoladi.
Mazkur bitimni amalga oshirish va monitoring qilish bo‘yicha aniq, muvozanatli va erishish mumkin bo‘lgan yo‘l xaritasi kelishib olinadi. Keyingi qadam – o‘t ochishni to‘xtatish va yetakchilar uchrashuvi kun tartibini kelishish.
Istanbuldagi uchrashuvdan so‘ng tomonlar AQSH va Yevropa ishtirokida quyidagi masalalar bo‘yicha muzokarani davom ettiradi: to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish mexanizmi va monitoringi, ishonchni mustahkamlash chorasi, asosiy mavzular bo‘yicha bo‘lajak liderlar yig‘ilishi kun tartibi va tuzilishini tayyorlash, kelishish.
Havo, quruqlik va dengizda 30 kun to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish (har 30 kunda uzaytirish imkoniyati bilan). Qo‘shma Shtatlar boshchiligida va boshqa davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan o‘t ochishni to‘xtatish monitoringi.
Istanbul muzokarasidan so‘ng muvaffaqiyatli amalga oshirilgan asir almashinuvidan keyin tomonlar “hamma hamma uchun” tamoyili asosida barcha harbiy asirlarni almashish jarayonini davom ettiradi. RFga deportatsiya qilingan va ko‘chirilgan barcha ukrainalik bolalarni so‘zsiz qaytarish, shuningdek barcha mahbus fuqarolarni ozod qilishga kelishiladi. Ushbu chora-tadbirlar 2014 yil fevral oyidan boshlab qo‘lga olingan barcha toifadagi shaxslarni qamrab oladi.
Ukraina va Rossiya yetakchilari yakuniy tinchlik kelishuvining asosiy parametrlarini kelishish uchun uchrashadi. Rahbarlar darajasida kelishilgan yakuniy tinchlik bitimining asosiy mavzulari quyidagilar:
Harbiy harakatni doimiy va to‘liq to‘xtatish. Xavfsizlik kafolatini ta’minlash va yangi tajovuzning oldini olish. Hududiy masalalar. Iqtisodiyot, tovon to‘lash, qayta qurish. Shartnomani buzganlik uchun javobgarlik. Yakuniy tinchlik shartnomasini tuzish.
O‘z navbatida Istanbuldagi muzokarada rus delegatsiyasiga rahbarlik qilayotgan Vladimir Medinskiy (Rossiya Prezidenti yordamchisi – tahririyat) Rossiya Ukrainadan mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha memorandum nusxasini olganini ma’lum qildi, deb xabar tarqatdi RT telekanali.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hujjat ukrain va ingliz tillarida topshirilgan.
RF mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin Istanbul muzokarasi Kiyevning hujumlariga qaramay, bo‘lib o‘tadi, degan.
“Reuters” xabariga ko‘ra, Kiyev taklif qilayotgan tinchlik kelishuvi loyihasidagi talablar avval ilgari surilgan shartlarga o‘xshash. Ukraina Qurolli kuchlarini qurollantirish bo‘yicha cheklovlar yo‘qligi, ozod qilingan hududlar Rossiyaning bir qismi sifatida xalqaro miqyosda tan olinmasligi ta’kidlanib, tovon puli to‘lash talab qilinmoqda.
S.Rahimov,
O‘zA