Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ukraina Prezidentining jurnalistlar bilan muloqoti 14 soat davom etdi
11:14 / 2019-10-11

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 14 soatdan ko‘proq davom etgan matbuot-marafoni bilan barchani hayratda qoldirdi.


Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 14 soatdan ko‘proq davom etgan matbuot-marafoni bilan barchani hayratda qoldirdi. 

Matbuot bilan bunday uzoq muloqot Ukraina Rekordlar milliy reestri tomonidan qayd etilib, uning vakili matbuot anjumanining sakkizinchi soatidan keyin Zelenskiyga sertifikat topshirgan. 

Zelenskiy matbuot anjumanining cho‘zilib ketganini mamlakatda axborot bo‘shlig‘ini to‘ldirish kerakligi bilan izohlagan. 

Kievning tarixiy qismida joylashgan yangi Kyiv Food Market gastronomik markazida tashkil etilgan uchrashuvda 300 jurnalist ishtirok etgan, ular har yetti-o‘n kishidan iborat guruhlarda 30 daqiqa davomida davlat rahbari bilan muloqotda bo‘lgan. 

Matbuot anjumanida jurnalistlarni ko‘proq tashqi siyosat masalalari va Donbassdagi vaziyat qiziqtirgan. 

Uchrashuv avvalida Zelenskiy davlat rahbari sifatida uning vazifasi “Donbassdagi urushni tugatish“ ekanligini ta’kidlagan. Shuningdek, u Ukrainada harbiy vaziyatning joriy qilinishi va umuman, Donbass va Qrim muammolarini harbiy yo‘l bilan hal qilishga qarshiligini bildirgan. 

Zelenskiy jurnalistlar bilan muloqotda o‘zidan oldingi Prezident Pyotr Poroshenkoni tanqid qilish imkoniyatini qo‘ldan boy bermagan. Uning qayd etishicha, sobiq davlat rahbari ukrainaliklarni yangi “Maydan“ tomon “itarib yuborgan“.

Prezident, shuningdek, “Normand To‘rtligi“ning noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan uchrashuvida Qrim masalasini muhokamaga olib chiqish niyati borligini bildirgan. 

Muloqotda Zelenskiy Rossiya rahbari Vladimir Putinning “ko‘ziga qarash“ istagi haqidagi avvalgi bayonotini takrorlagan. Uningcha, buni hozircha faqat Normand formatidagi uchrashuv paytida amalga oshirish mumkin.

Ukraina-AQSh munosabatlariga to‘xtalgan Zelenskiy, Amerika davlat rahbari Donald Tramp bilan bo‘lgan telefon suhbati matnidan afsuslanmasligini aytgan.

Ukraina Prezidentining jurnalistlar bilan ilk matbuot anjumani mitinglarsiz o‘tmagan. Matbuot-marafonni Zelenskiyni “Arzon uy-joy“ davlat ijtimoiy dasturiga e’tibor qaratishga chaqirgan piketchilar qo‘llab-quvvatlamagan. Ellikka yaqin kishi davlat rahbarining jurnalistlar bilan muloqotiga xalaqit berib, “ Arzon uy-joy qurilishi bo‘yicha firibgarlik bo‘lmoqda, yordam bering!“, deb baqira boshlagan. Zelenskiy piketchilarga javoban ushbu dastur bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganib chiqishga va’da bergan. 

Ukraina Prezidenti jurnalistlar bilan muloqotdan so‘ng, Feysbukdagi sahifasida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan. “Marafon - bu marafon. 14 soat matbuot bilan aloqa. Uch yuzta jurnalist. 500 dan ziyod savol. Ularning barchasiga javob berildi. Javoblarning ba’zilari, ehtimol, kimlargadir yoqmas, ammo ular to‘g‘ri va samimiy. Rostini aytsam - charchadim. Ammo, meni qo‘llab-quvvatlagan barcha jurnalistlardan minnatdorman “, deb yozadi Zelenskiy.