Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ukraina muqobil variant emas, YeIga to‘lik a’zolikni istaydi...
16:44 / 2023-10-03

Kongress Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Kevin Makkarti AQSH Prezidenti, demokrat Jo Bayden bilan Ukrainaga yirik miqdorda moliyaviy yordam ko‘rsatishga qaratilgan “kelishuv” bo‘lmaganini aytdi. Shuningdek, u davlat rahbarining demokratlar va respublikachilar o‘rtasida maxfiy “shartnoma” ishlab chiqish bo‘yicha bayonotini ham jiddiy qabul qilmaslikka chaqirdi.

– Ukraina biz uchun muhim, – degan Makkarti. – Ushbu mamlakatga qurol-aslaha berishni doim qo‘llab qelganman, ammo bu gal Kiyevga pul emas, himoya uchun qurol jo‘natish kerak.

Deputat Mett Gets bayonotiga ko‘ra, Vakillar palatasidagi aksariyat respublikachilarda Ukrainani qo‘llashga qiziqish yo‘qoldi. Amerika ma’muriyati ham Vakillar palatasi spikeri Makkarti bilan Ukrainani qo‘llash bo‘yicha hech qanday “kelishuv” mavjud emasligini e’tirof etdi.

Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Per qayd etishicha, Ukrainani moliyaviy qo‘llashning ikki partiyali tizimi mavjudligi ma’lum. Uning fikricha, bunday madad yana saqlanib qoladi.

– Qancha zarur bo‘lsa, Kiyev shuncha qo‘llab-quvvatlanadi, Prezident bu gapni ko‘p takrorlagan, dedi u qo‘shimcha qilib.

Germaniya kansleri Olaf Shols Ukraina bo‘yicha Braziliya, Janubiy Afrika Respublikasi va Xitoy ishtirok etgan Kopengagen va Jidda uchrashuvlari ancha muvaffaqiyatli kechganini ta’kidladi.

– Ukraina ziddiyati tezroq tugashi, mamlakatning hududiy yaxlitligi va mustaqilligi saqlanib qolishi uchun bor imkoniyatni ishga solishimiz kerak, – dedi kansler.

G7 guruhi yetakchilari bugun Ukraina atrofidagi mojaro yuzasidan onlayn muzokara o‘tkazishni rejalagan. Bu haqda “JIJI” agentligi ma’lum qildi. Tomonlar Rossiyaga qarshi sanksiyani saqlab qolish va Ukrainani qo‘llashda davom etish masalasini muhokama qilishi kutilmoqda. “Kyodo” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, muzokarada AQSH Prezidenti Jo Bayden ishtirok etadi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy aytishicha, kecha Kiyevda o‘tgan YeI Kengashi Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi ko‘chma yig‘ilishda to‘rt vazirdan tashqari barcha ishtirok etgan. Muloqotda vazirlar bilan birga Yevrokomissiya vakillari, tashqi siyosat va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy komissar Jozep Borrel ham qatnashgan, deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Ukrainani qandaydir muqobil variantlar emas, YeIga to‘liq a’zolik qoniqtiradi, deya bayonot berdi mamlakat TIV rahbari Dmitriy Kuleba.

– Mamlakat rahbariyati YeIda bo‘lib o‘tayotgan munozarani kuzatmoqda, shuning uchun Kiyevning haqli talablarini e’tiborga olishga chaqiraman, degan vazir.

Polsha–Ukraina munosabatini tiklash bo‘yicha jiddiy ish olib borishga to‘g‘ri keladi, dedi Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau “Polsat News” telekanaliga intervyusida.

– Men Kiyevga nima qilish kerakligini aytib o‘tirmayman. Oramizda ko‘p yillik og‘ir munosabat bor. Lozim bo‘lsa, ukrainaliklar zarur yo‘lni o‘zlari topishadi, dedi Rau.

Pentagon ixtiyorida Ukrainaga harbiy yordam uchun 5,2 milliard dollar qoldi, bu taxminan olti oyga yetadi. Mazkur axborotni harbiy vazirlik manbalariga tayanib “The Wall Street Journal” oshkor qildi.

Germaniya so‘nggi haftada Ukrainaga ming dona snaryad, aloqa vositalari, shuningdek, ko‘p maqsadli transport vositalari yetkazib berdi. Bu haqda respublika mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“El Mundo” nashriga intervyusida Ispaniya tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi, YeIda raislik qilayotgan Xose Manuel Albares YeI Ukraina ziddiyati cho‘zilishidan manfaatdor emas, deb bayonot berdi.

Abror Xon, O‘zA