Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy navbatdagi murakkab diplomatik ish haftasini Londondan boshladi, deb xabar berdi Yevronyus.
Nima uchun murakkab, chunki bundan oldin Ukraina va AQSH vakillari bilan o‘tkazilgan tinchlik bo‘yicha muzokaralar kutilganidek natija bermadi. Bu tortishuvlar Kiev uchun vaziyatni yanada og‘irlashtirdi, deyish mumkin.
Londondagi sammitda esa Germaniya kansleri Fridrix Mers e’tiborda bo‘ldi. U AQSH taqdim etgan tinchlik rejasining ayrim bandlariga shubha bilan qarayotganini yashirmadi. Bundan anglash mumkinki, Yevropada Moskva va Vashington o‘rtasidagi kelishuvlardan chetda qolish xavotiri bor. Buni Mersning gaplaridan ham sezish mumkin:
- Germaniya, Yevropa siyosatining eng katta omili sifatida, jarayonlarda faqat kuzatuvchi bo‘lib qolishni istamaydi. AQSH taklif qilayotgan hujjatlardagi ba’zi shubhali jihatlar haqida gaplashib olishimiz kerak. Muzokaralardagi eng muhim jihat balki, shudir. Nima bo‘lgan taqdirda ham biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz, bunga hech kim shubha qilmasligi kerak, -degan u.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham Yevropaning bu jarayondagi o‘rnini e’tiborga olib, Ukraina, Yevropa va AQSH pozitsiyalarida o‘zaro mushtaraklik yetishmayotganini bildirgan. Uning fikriga ko‘ra, muzokaralarni umumiy xavfsizlik uchun ishlaydigan nuqtada birlashtirish kerak.
Zelenskiy esa, Yevropa bilan ham, AQSH bilan ham til topishishga majbur ekanini ochiq aytib o‘tdi. Uning fikricha, Ukraina kuchli ittifoqsiz xavfsizlik kafolatlarini yarata olmaydi.
Sammit davomida Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Yevropa mamlakatlari Ukraina xavfsizligi bo‘yicha mas’uliyatni zimmalariga olishga tayyor ekanini bildirdi. Yevropada Ukrainani qo‘llab-quvvatlash haqida gap ketayotganda, AQSHdagi vaziyatni yaxshi deb bo‘lmaydi. Prezident Donald Tramp yakshanba kuni jurnalistlar bilan uchrashganda Zelenskiyni taklifni o‘qimaganlikda aybladi. Shu sabab, uni imzo chekishga tayyor emas, degan. Bu esa Vashingtonning Ukraina bo‘yicha yondashuvi har qanday vaziyatda keskin o‘zgarishi mumkinligini anglatadi. Yuz berayotgan voqealar Kiyevni Yevropa bilan yanada faol diplomatiyaga undamoqda, deyish mumkin. Zelenskiy Londondan keyin Bryusselga yo‘l oldi. U yerda NATO rahbariyati bilan uchrashuvlar kutilayapti. Keyin esa Rimda Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni bilan muzokaralar olib boradi. Prezidentning bu safarlari Ukraina uchun yangi harbiy yordam va eng muhimi, Yevropa va AQSH o‘rtasida oltin o‘rtaliqni topishga qaratilgan, desa bo‘ladi.
Xullas, London sammiti shuni ko‘rsatdiki, Ukraina atrofidagi diplomatiya yangi bosqichga chiqdi. AQSHda siyosiy qarashlar o‘zgarayotgan bir paytda, Yevropa o‘z pozitsiyasini qat’iylashtirayapti. Chunki, tomonlarning maqsadlari oydinlasha boshladi. Bunday jarayonda Zelenskiy harakati Ukraina kelajagi uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HMiifBwUY9g" title="Ukraina masalasida Yevropa va AQSH pozitsiyalari mos kelmayapti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov,O‘zA