Ukraina bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Olga Stefanishina Germaniyada chiqadigan Welt gazetasiga intervyu bera turib, mamlakat 2024 yilning oxirida Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish jarayonini yakuniga yetkazishi haqida ma’lum qildi.
"Biz 2024 yilning oxirigacha Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lish jarayonini yakunlashga qat’iy qaror qilganmiz", – degan Stefanishina.
Nashrining ta’kidlashicha, bu qadar tezlik bilan Yevroittifoqqa a’zo bo‘lish tarixda ilk bor kuzatilayotgan jarayon bo‘ladi, chunki avvallari mazkur jarayon o‘rtacha to‘qqiz yil cho‘zilgan.
"Ukrainaning YeIga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralarning tezroq boshlanishi ukrainaliklar uchun ruhiy madad bo‘ladi, shu bois ham biz Yevropaga mansubligimiz uchun qancha yillardan buyon kurashib kelayapmiz", – dedi Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari. Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina YeIga a’zo bo‘lishi uchun qator islohotlarni amalga oshirdi, masalan korrupsiyaga qarshi kurash va huquqni ta’minlash sohalarida katta ishlar qilindi.
Prezident Vladimir Zelenskiy 28 fevralda Ukrainaning Yevroittifoqqa a’zo bo‘lishi bo‘yicha arizani imzolagan edi. Yevroittifoqqa a’zo davlatlar va hukumatlar rahbarlarining 23 iyunda Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammitida Ukraina bilan Moldovaga ittifoqqa kirish uchun nomzod maqomini berish haqidagi hujjat tasdiqlandi. Mazkur yo‘nalish bo‘yicha muzokaralar boshlanishidan oldin mamlakat bir qator shartlarni bajarishi, jumladan, islohotlar o‘tkazishi lozim.
Nomzod maqomini olgandan so‘ng mamlakatning ittifoqqa a’zo bo‘lish jarayoni uzoq vaqt davom etadi. Masalan, Turkiya nomzod maqomini 1999 yilda olgan. Shuningdek, Shimoliy Makedoniya 2005 yil, Chernogoriya 2010 yil, Serbiya 2012 yildan buyon a’zolikka nomzod mamlakat hisoblanadi.