Ukraina o‘zining “dronga qarshi gumbazi”ni yaratmoqda, buning uchun allaqachon lazerli havo mudofaasi tizimi va arzon to‘xtatib qoluvchi dronlarni ishlab chiqqan, deb yozdi “The Atlantic” nashri. Muhandislar uchoqni nur bilan urib tushirishga qodir “Sunray” lazer tizimini namoyish qilgan.
Sinov maqsadida Ukraina harbiylari dastlab kichik dron uchirdi, keyin uchoq tomonga lazer yo‘naltirildi, kameralar nishonni kuzatib bordi. Bir necha soniyadan so‘ng dron alanga oldi. Nashr xabar berishicha, ikki yil davom etgan ushbu qurolni tayyorlash jarayoni bir necha million dollarga tushgan. Ishlab chiqaruvchi qurilmani bir necha yuz ming dollarga sotishni rejalashtirgan.
Ta’kidlanishicha, AQSHning “Lockheed Martin” kompaniyasi tomonidan yaratilgan xuddi shunday “Helios” tizimi shartnomasi 150 million dollarga baholangan.
Bundan tashqari, ukrainalik ishlab chiqaruvchilar 3D-bosmada “P1-Sun” tutuvchi dronini yaratdi. Mazkur qurilma allaqachon tizimli ravishda ishlab chiqarilmoqda. Bu dronlar hozirgacha 1000 dan ortiq nishon, jumladan 700 ga yaqin “Shahidni” yo‘q qilish uchun ishlatilgan.
Yil oxiriga kelib, Ukraina Qurolli kuchlari dushman droni aniqlangan zahoti darhol uchirish uchun butun mamlakat bo‘ylab shunday aslahalarni joylashtiradi.
S.Rahimov, O‘zA