Rossiya va Ukraina kelishuvi bo‘yicha tomonlar noyabr oyi oxirigacha, ehtimol shu hafta oxirigacha bir to‘xtamga kelishi mumkin, deb xabar tarqatdi “Politico” nashri Oq uyning yuqori lavozimli amaldoriga tayanib.
Avvalroq “Axios” yangiliklar portali Rossiya va Amerika manbalariga tayanib, Qo‘shma Shtatlar Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha yangi reja ishlab chiqish uchun Rossiya bilan “maxfiy maslahatlashuv” o‘tkazayotgani xususida yozgandi.
Shu vaqtgacha Rossiya va Ukraina Istanbulda uch bosqichli bevosita muzokara o‘tkazgan. Natijada bir necha bor asirlar almashilgan. Shuningdek, mojaroni hal qilish bo‘yicha memorandum loyihasi o‘zaro taqdim qilingan.
NBC telekanali AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan kelishuv bo‘yicha maxsus reja tasdiqlanganiga e’tibor qaratdi:
– Tramp hafta boshida Rossiya va Ukraina o‘rtasida 28 banddan iborat tinchlik rejasini ma’qulladi. Bu hujjat so‘nggi bir necha hafta ichida ma’muriyatning martabali mutaxassislari tomonidan Rossiya bilan maslahatlashilgan holda, “jimgina” elchi Kirill Dmitriyev va ukrain rasmiylari bilan birga ishlab chiqilgan.
“Axios” yozishicha, loyihada, jumladan, Vashington Qrim va Donbassni Rossiya hududi sifatida tan olishi, Kiyevga Amerika harbiy yordami kamaytirilishi, Ukraina pravoslav cherkovi rasmiy maqomi belgilanishi, rus tili Ukrainada rasmiy til sifatida e’lon qilinishi va Ukraina Qurolli Kuchlari soni qisqartirilishi nazarda tutilgan.
Hozircha Kiyev va Yevropadagi ittifoqchilar mazkur rejaga qanday munosabatda bo‘lishi noma’lum.
NBC telekanali hujjat AQSH maxsus elchisi Stiv Uitkoff, vitse-prezident Jey Di-Vens, davlat kotibi Marko Rubio va Trampning kuyovi Jared Kushner tomonidan ishlab chiqilganiga urg‘u bergan.
– AQSH ko‘hna qit’adagi hamkorlarini bu haqda oldindan ogohlantirmagan, – deb yozdi “Telegraph” gazetasi Yevropadagi noma’lum manbalarga tayanib. – Kiyevdagi rasmiylar loyihani ko‘rib chiqqan holda, reja jiddiy o‘zgarishsiz Ukrainada amalga oshmasligini aytishdi.
“Financial Times” ham Ukraina rasmiylari AQSH taklif qilgan bu hujjatni tanqid qilganiga urg‘u bergan.
“Axios” AQSH rasmiysiga tayanib, Turkiyada o‘tishi kutilgan Uitkoff va Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv Ukraina yetakchisi mazkur rejani muhokama qilmasligi ma’lum bo‘lgach, bekor qilinganini yozdi.
Eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Tramp ma’muriyatidagi Ukraina tarafdorlaridan biri yanvar oyida iste’foga chiqishni rejalashtirmoqda. “Reuters” agentligi to‘rt manbaga tayanib Kiyev Oq uydagi asosiy himoyachilaridan birini yo‘qotishini yozgan. Agentlik fikricha, ketish qarorini Kellogning o‘zi qabul qilgan va bunga Tramp ma’muriyatining Rossiyaga bosim o‘tkazishdagi “qat’iyatsizligi” sabab bo‘lganini aytgan.
S.Rahimov, O‘zA