French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ukraina bosh vaziri iste’foga chiqdi
11:56 / 2025-07-16

Ukraina bosh vaziri Denis Shmixal iste’foga chiqish haqida ariza berdi, deb yozmoqda “Kyiv Post” nashri. Zelenskiy unga mudofaa vaziri lavozimini taklif qilgan.

Bosh vazirning iste’foga chiqishi Vazirlar Mahkamasi tarkibini ishdan bo‘shatishga sabab bo‘ladi. Biroq Ukraina “Harbiy holatning huquqiy rejimi to‘g‘risida”gi qonunining 10-moddasiga ko‘ra, harbiy holat davrida Vazirlar Mahkamasining vakolatlari tugatilishi mumkin emas.

Oliy Rada bugun vazirlarni ishdan bo‘shatish masalasini ko‘rib chiqadi. Yangi nomzodlar bo‘yicha ovoz berish ertangi kunga belgilangan.

Denis Shmixal 2020 yilning 4 martidan beri mamlakat bosh vaziri lavozimida ishlab kelayotgan edi. Harbiy holat tufayli uning vakolat muddati Ukraina tarixidagi eng uzoq – besh yildan ortiq muddat bo‘ldi.

Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy hukumat rahbari lavozimiga bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenko nomzodini ilgari surganini ma’lum qildi. Biroq Konstitutsiyaga ko‘ra, bosh vazir lavozimiga nomzod parlamentdagi ko‘pchilik ovoz bilan ko‘rsatilishi kerak.

Shmixal 2015 yildan 2017 yilgacha chakana savdo bilan shug‘ullangan, “Lvivxolod” kompaniyasining bosh direktori va kuzatuv kengashi a’zosi bo‘lib ishlagan. 2019 yildan 2020 yilgacha Ivano-Frankivsk viloyati rahbari bo‘lgan. Shuningdek, u Oliy Radaning 7-chaqirig‘ida “UDAR” partiyasi deputati Roman Chernega yordamchisi bo‘lib faoliyat yuritgan.

O‘.Alimov, O‘zA