Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ukraina Bosh vaziri iste’foga chiqdi (+video)
16:25 / 2025-07-16

Ukraina parlamenti bugun Bosh vazir Denis Shmigal boshchiligidagi hukumatni iste’foga chiqarish masalasini ko‘rib chiqadi. Bu Prezident Vladimir Zelenskiy tashabbusi bilan hukumat tarkibini o‘zgartirish yo‘lidagi harakatning boshlanishi.

Shmigal ijtimoiy tarmoq orqali “Men Ukraina Bosh vaziri lavozimidan iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza topshiraman”, — deb yozgan.

Zelenskiy dushanba kuni Shmigalning o‘rniga hozirgi Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri, 39 yoshli Yuliya Sviridenko nomzodini taklif qildi.

Sviridenko Ukraina va AQSH o‘rtasida mineral resurslar bo‘yicha kelishuv muzokarasida faollik ko‘rsatgan. Umuman, G‘arb davlatlari bilan yuqori darajadagi muzokaralarda mamlakat nomidan samarali ish yuritib, asosan mudofaa hamkorligi, iqtisodiyotni tiklash hamda infratuzilmani qayta qurish masalalariga alohida e’tibor qaratgan.

Bugun parlament hukumat iste’fosi yuzasidan ovoz beradi. Hukmron “Xalq xizmatkori” partiyasi ko‘pchilik o‘rin egallab turgani bois, Sviridenko nomzodi osonlik bilan ma’qullanishi kutilyapti. Darvoqe, ayni o‘zgarish Rossiya armiyasi front chizig‘ida bosimni kuchaytirgan, Ukraina shaharlariga uchuvchisiz uchoq va raketalar hujumi avj olgan paytga to‘g‘ri keldi.

Zelenskiy Shmigal haqida “U yaxshi mudofaa vaziri bo‘lishi mumkin”ligini aytgan. Shu tariqa amaldagi bosh harbiy mulozim Rustem Umerov uchun Ukraina elchisi sifatida Vashingtonga yo‘l ochilishi tezlashadi, deydi kuzatuvchilar.

Avvalroq Ukraina yetakchisi AQSHdagi elchi Oksana Markarovani almashtirish niyatini bildirgan. 43 yoshli Rustem Umerov esa 2023 yil sentyabrda korrupsiya bilan bog‘liq mojaro tufayli mudofaa vaziri lavozimiga tayinlangan. U sohani isloh qilishga urindi, biroq, tanqidchilar ta’kidlashicha, vazirlik hanuz boshqaruvda jiddiy muammolarga duch kelmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AWwuL7lkmHA" title="Ukraina Bosh vaziri iste’foga chiqdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

K.Bekjonov, O‘zA