Yevropa rasmiylari AQSH maxsus elchisi Stiv Uitkoff Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan suhbati tafsilotini oshkor qilmaganidan hafsalasi pir bo‘ldi, deb xabar tarqatdi CNN telekanali.
– Uitkoff o‘tgan chorshanba kuni Moskvaga tashrif buyurib, Putin bilan uchrashuv o‘tkazdi, – deyilgan xabarda. – Afsuski, muloqot davomida Putin nima degani ko‘p jihatdan noma’lumligicha qolmoqda. Uitkoff uchrashuv tafsilotini oshkor qilmayotganidan Yevropa rasmiylarining hafsalasi pir.
Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, ko‘hna qit’a mas’ullari o‘tgan haftaning ko‘p qismini Putin Uitkoffga taklif qilgan Ukraina tinchlik kelishuvi parametrlarini aniqlashga sarflagan.

Ma’lumki, o‘tgan hafta Putin va Tramp 15 avgust kuni Alyaskada uchrashishi e’lon qilindi. Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt ta’kidlashicha, sammit seshanba kuni Ankorijda bo‘lib o‘tadi.
Britaniyaning “The Economist” jurnalida e’lon qilingan maqolada esa “Tramp Alyaska uchrashuvidan so‘ng Ukraina va YeIni tinchlik o‘rnatishga ko‘ndirish uchun ultimatum qo‘yishi mumkin”, deyilgan.
– Bu Ukraina va Yevropadagi ittifoqchilarni og‘ir ahvolda qoldirishi mumkin, – deyilgan maqolada. – Bitimni imzolash va Yevropa xavfsizligini qayta shakllantirishga rozi bo‘lish kerak. Agar rad etilsa, Tramp tinchlik muzokarasidan “qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urishi”, shu tariqa Ukrainaga razvedka va harbiy yordam to‘xtatilishi mumkin.
Shuningdek, Amerika yetakchisi yevropaliklarning Rossiyaga qarshi chaqiruviga e’tibor bermay, “adolatli kelishuv” nimaligini o‘zi hal qilishini aniq aytgan.

AQSH Prezidentining, go‘yoki, “bir yoqlama harakati” Yevropa yetakchilarini xavotirga solayotganini yana shundan ham ko‘rish mumkinki, Germaniya Kansleri Fridrix Mers “Alyaska” uchrashuvi oldidan NATO Bosh kotibi, Tramp, shuningdek Ukraina rahbariyati, Yevropaning yirik davlatlari, Yevropa kengashi va Yevropa komissiyasi vakillari ishtirokida masofaviy muzokara tashkil qilmoqchi. Bu haqda GFR Vazirlar Mahkamasi rasmiy vakili Stefan Kornelius ma’lum qildi.
– Federal Kansler Fridrix Mers barchani Ukrainadagi mavjud vaziyat bo‘yicha virtual muzokarada ishtirok etishga taklif qildi, – degan u jurnalistlarga.

Vakilning so‘zlariga ko‘ra, muhokamada RFga nisbatan “bosimni kuchaytirish” bilan bog‘liq keyingi variantlar ham ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, Kornelius e’lon qilganidek, onlayn uchrashuvda ehtimoliy tinchlik muzokarasini tayyorlash va tegishli hududiy da’vo va xavfsizlik kafolati masalasi muhokama qilinishi kutilmoqda.
– Germaniya, Finlyandiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya, Polsha, Ukraina davlat va hukumat rahbarlari, Yevrokomissiya raisi, Yevropa kengashi rahbari, NATO Bosh kotibi, shuningdek AQSH Prezidenti va uning o‘rinbosari turli tarkibdagi ishchi guruhlarda ishtirok etadi, – deya qo‘shimcha qilgan u.
Xabarda aytilishicha, Rossiya Federatsiyasi hamda AQSH rahbarlari Vladimir Putin va Tramp ishtirokidagi bo‘lajak sammitni BMT Bosh kotibi ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Uning rasmiy vakili Stefan Dyujarrik anjuman haqida fikr bildirib, Tashkilot “konstruktiv muloqot”ni olqishlashini aytdi.
S.Rahimov, O‘zA sharhlovchisi