Kuni kecha “Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti” davlat muassasasida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda ushbu ilmiy muassasa direktori Odash Qarshiyev, Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari Ural Yusupov va boshqalar so‘zga chiqib, bugungi ilmiy hamkorlikning dolzarbligi hamda geologiya sohasidagi xalqaro tajriba almashinuvi O‘zbekiston geologiya maktabini yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Anjumanda geologik modellashtirish, seysmik ma’lumotlarni tahlil qilish, uglevodorod konlarining istiqbolliligini baholash hamda zamonaviy 3D seysmologiya texnologiyalarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ilmiy muassasa direktori Odash Qarshiyev qayd etganidek, bugungi kunda neft va gaz konlarini chuqurroq o‘rganish, ularning geologik tuzilishini to‘g‘ri baholash hamda zamonaviy seysmologik texnologiyalarini amaliyotga joriy etish jahon ilmiy hamjamiyati oldidagi asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
– Shu nuqtai nazardan bu anjuman nafaqat ilmiy tajriba almashish, balki yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Asosiy maqsadimiz neft va gaz konlarining geologik tuzilishini chuqur o‘rganish hamda istiqbolli qatlamlarni aniqlash. Bu yo‘nalishda ilmiy laboratoriyalarimiz zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Ayni paytda biz nafaqat mamlakat ichida, balki xorijiy ilmiy markazlar bilan ham hamkorlikni kengaytiryapmiz. Bu nafaqat ilmiy salohiyatni oshiradi, balki yosh mutaxassislar uchun katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi, – dedi O.Qarshiyev.

Muhokama chog‘ida ishtirokchilar geologik tuzilmani aniqlashda yangi yondashuvlar, ilmiy hamkorlikni kengaytirish va yosh olimlarni ilm-fanga jalb etish masalalarida o‘z takliflarini bildirdilar.
Anjumanning ikkinchi kuni xorijiy mehmonlar uchun O‘zbekiston Davlat geologiya muzeyiga ekskursiya uyushtirildi. Tashrif davomida mehmonlarga mamlakatimizning geologik tarixi, foydali qazilmalar turlari va zamonaviy ilmiy tadqiqot ishlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Tadbir yakunida barcha ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari va sertifikatlar topshirildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA