English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uganda Prezidenti boshqaruv muddatini uzaytiradi
10:18 / 2025-06-30

Uganda yetakchisi Yoveri Museveni kelasi yilgi prezidentlik saylovida ham qatnashishini tasdiqladi. Shu tariqa u qariyb 40 yillik boshqaruv muddatini uzaytirish uchun zamin hozirladi. "Al-Jazeera" xabar berishicha, 80 yoshli siyosatchi shanba kuni kechqurun Milliy qarshilik harakati partiyasidan davlat rahbari lavozimiga nomzodini qo‘yish istagini bildirgan.

Besh yillik fuqarolar urushidan so‘ng, 1986 yil hokimiyatni qo‘lga kiritgan Museveni shundan buyon mamlakatni boshqarib kelmoqda.

O‘tgan yillar davomida mamlakat Konstitutsiyasiga ikki marta o‘zgarish kiritilib, muddat va yosh chegaralari olib tashlangan va yetakchining vakolat davri uzaytirilgan.

Huquq himoyachilari Yoverini muxolifatni bostirish orqali o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun xavfsizlik kuchlari va davlat homiyligidan foydalanishda ayblab keladi. Tabiiyki, siyosatchi bu ayblovlarni rad etadi.

Museveni yurtini "kelgusi besh yil ichida 500 milliard dollarlik iqtisodiyotga aylantirish" uchun qayta saylanishga intilayotganini bildirdi. Hukumat ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning hozirgi yalpi ichki mahsuloti 66 milliard dollardan kamroq.

Ugandaliklar yanvar oyida prezident va parlament a’zolari uchun ovoz beradi.

Davlat rahbarligi uchun muxolif, pop musiqa yulduziga aylangan siyosatchi asl ismi Robert Kyagulani, ya’ni Bobi Uayn ham da’vogarlik qilmoqchi. Uayn keng ko‘lamli firibgarlik, saylov byulletenini to‘ldirishda soxtalikka yo‘l qo‘yish, xavfsizlik kuchlari tomonidan tahdid o‘tkazish kabi holatlar bilan kechgani iddao qilinadigan 2021 yilgi saylov natijasini inkor etgan.

U 2018 yil harbiy sud tomonidan noqonuniy qurol saqlashda ayblangan. Keyinchalik bu ayblov olib tashlangan.

M.Pirmatova, O‘zA