Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ufqqa tutash tog‘day jasorat
20:39 / 2020-12-18

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan O‘zbekiston Qahramoni va xalq yozuvchisi Said Ahmad tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Ufqqa tutash tog‘day jasorat” nomli xotira kechasi o‘tkazildi.

Tadbirda Said Ahmad bilan bog‘liq iliq xotiralar yodga olinib, yozuvchining o‘zbek adabiyoti rivojiga qo‘shgan hissasi, ijodining betakror qirralari haqida so‘z bordi.

– Said Ahmadni prozaning shoiri, deb atagan bo‘lar edim, – deydi adabiyotshunos olim Ibrohim G‘ofurov. – Adib nasrda shunday quyma satrlar yarata olganki, o‘qirman qalbiga go‘yo she’rday, taronaday kirib boradi. Yozuvchi o‘z asarlarida Oybekning psixologik tasvir mahoratini, G‘ofur G‘ulom yumori va Abdulla Qahhor bayonidagi ixchamlikni mujassamlashtira olgan. Bu adibning yuksak iste’dod egasi ekanligidan darakdir.

Said Ahmad barcha nasriy janrlarda ijod qildi. Hikoya, qissa, hajviy asarlar yaratdi. Komediya janrida kuchini sinab ko‘rdi. U ijodda katta tajriba orttirgandan so‘ng roman janriga qo‘l urdi va bir necha yillik izlanishlardan keyin «Ufq» trilogiyasini yaratdi. Trilogiyaning birinchi kitobi «Qirq besh kun», ikkinchi kitobi «Hijron kunlari» va uchinchi kitobi «Ufq bo‘sag‘asida», deb ataldi. Ushbu asarlarni o‘qir ekansiz, beixtiyor asardan bosh ko‘tara olmay qolasiz. Fikrlar sodda, xalqonaligi bilan mutolaa jarayonida o‘quvchiga katta estetik zavq va huzur ulashadi.

– Said Ahmadga eng katta shuhrat olib kelgan asar, shubhasiz, «Kelinlar ko‘zg‘oloni» komediyasi bo‘ldi, – deydi adabiyotshunos Shuhrat Rizayev. – Muallif bu asarga turli tajriba, izlanishlar orqali uzoq yo‘l bosib keldi. «Kelinlar qo‘zg‘oloni»ning o‘nlab tillarga tarjima qilindi, dunyo sahnalarida qo‘yilib, alohida e’tirof etildi.

Said Ahmad bugun hayot bo‘lganida 100 yoshga to‘lgan bo‘lardi. Lekin yozuvchi o‘lmas asarlari bilan xalqimiz qalbi, yodida mangu yashaydi.

Imronbek Yahyoyev, O‘zA