Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
UDEA talabalari Buyuk Britaniya ta’lim dasturi bo‘yicha tahsil oladi
11:15 / 2023-05-02

Toshkent shahridagi UDEA — Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti va Buyuk Britaniyaning Koventri universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda UDEA universiteti talabalariga yaratilgan sharoitlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. UDEA universiteti o‘tgan yili mamlakatimizda o‘z faoliyatini boshladi. Ta’lim muassasasi iqtisodiyot, xususan, bank sektori va qishloq xo‘jaligi uchun mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan.  

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, Koventri (Coventry University) universiteti jahon universitetlari reytingining eng yaxshi 600 tasi, Buyuk Britaniyaning eng yaxshi 100 tasi tarkibiga kiritilgan. Qo‘shma dasturning joriy etilishi orqali ushbu universitet O‘zbekistonning eng yuqori reytingli xususiy unversitetlari qatoriga kiradi.  

[gallery-11701]

– Hamkorlik UDEA talabalari uchun keng imkoniyatlarni yaratadi. Ushbu hujjatda almashinuv dasturi asosida ta’lim olish va xalqaro kompaniyalarda tajriba orttirish yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan,  – dedi UDEA universiteti rektori, iqtisod fanlari doktori, professor Rustam Abduraupov. – Joriy yilning sentyabr oyida UDEA Koventri universiteti dasturi bo‘yicha 6 ta yo‘nalishni yo‘lga qo‘yadi. Xususan, buxgalteriya hisobi va moliya, raqamli texnologiyalar, biznes uchun axborot texnologiyalari, buxgalteriya hisobi va moliya (bakalavr darajasi), xalqaro moliya va bank ishi, ingliz tili va ingliz tilini chet tili sifatida o‘qitish (bakalavr) yo‘nalishida faoliyat yo‘lga qo‘yilgan.  

E’tiborli jihati shundaki, UDEA talabalarga Britaniyaning nufuzli universiteti dasturi asosida ta’lim olishni taklif etgan Markaziy Osiyodagi yagona oliygoh.  

– Biz UDEA bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatganimizni mamnuniyat bilan e’lon qilamiz, – dedi Koventri universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori Richard Uells. – Bu Koventri oliygohining O‘zbekistondagi ilk hamkorligi, UDEA universiteti Markaziy Osiyodagi yagona hamkorimiz hisoblanadi. Biz yil so‘ngida ilk guruh talabalarini intiqlik bilan kutamiz va uzoq hamda muvaffaqiyatli hamkorlikka umid qilamiz  

– Qo‘shma dastur talabalari O‘zbekistonda universitetimizni bitirib, Koventri universiteti diplomiga ega bo‘lishadi, – dedi “Agrobank” ATB Boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari Erkin Kahhorov. –Muvaffaqiyatga erishgan talabalar Koventri universiteti yoki Koventri universiteti bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan nufuzli universitetlarning birida talabalar almashinuvi dasturlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘lishadi yoki xorijiy oliy o‘quv yurtlari ta’lim dasturlari asosida bilim va ko‘nikmalarni xorijga chiqmagan holda o‘zimizda olishlari mumkin. Shuningdek, Agrobank ushbu qo‘shma dastur uchun talabalarga bir qator grant dasturlarini taqdim qilishni rejalashtirmoqda.  

Ma’lumot uchun, Raqamli iqtisodiyot va agrotexnologiyalar universiteti (O‘zbekiston) xalqaro darajadagi mutaxassislarni tayyorlash maqsadida tashkil etilgan. Xorijiy universitetlar diplomiga ega 35 dan ortiq professor-o‘qituvchilar dars beradi.  

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA