Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda bir qator qonun loyihalari va parlament nazoratiga oid boshqa masalalarni muhokama qilish ko‘zda tutilgan.
Dastlab deputatlar “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqdi.
— Uchuvchisiz uchadigan apparatlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi cheklangan tovarlar qatoriga kiradi, — dedi deputat Oybarchin Abdullayeva. — Ularni respublika hududiga qonunga xilof ravishda olib kirish, shuningdek, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, bunda uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Tahlillar uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda respublika hududiga olib kirish holatlari fuqarolarning qonunchilik talablarini bilmasligi natijasida sodir etilayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, uchuvchisiz uchadigan apparatlar ayrim sohalar va tadbirlarda qo‘llanilishi fuqarolar orasida bunday moslamalardan foydalanish mumkin degan yanglish fikrni o‘yg‘otmoqda.
[gallery-15040]
Taklif etilayotgan qonun loyihasida respublika hududida uchuvchisiz uchadigan apparatlardan noqonuniy foydalanishni birinchi marta sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik o‘rniga ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Bu kabi huquqbuzarliklarni takror sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik jazo choralarini yengillashtirish nazarda tutilyapti.
Mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida ishchi guruh a’zolari, huquqshunoslar, ekspertlar ishtirokida bir qator tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazildi. Fraksiya va qo‘mitalarda muhokama qilindi hamda bildirilgan takliflar asosida qonun loyihasi takomiliga yetkazilib, pishiq-puxta holatga keltirildi.
Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslar ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinishi belgilandi.
Loyihani moddama-modda ko‘rish davomida o‘rtaga tashlangan savollarga javob qaytarildi. Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA