Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uchtepada ehtiyojmand aholi uchun davlat byudjetidan 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi
17:36 / 2021-12-15

Xalq deputatlari Uchtepa tuman kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Uchtepa tuman hokimi F.Abdullayevning 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlari hamda kelgusi yildagi rejalariga bag‘ishlangan murojaati tinglandi.

Murojaatda ta’kidlanishicha, tumandagi ehtiyojmand oilalar, tibbiy yordamga muhtoj fuqarolar va moddiy ko‘mak berish ishlariga Davlat byudjetidan 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar yo‘naltirildi. Bu mablag‘ hisobiga “Temir daftar”idagi 622 ta oila, “Ayollar daftari”idagi 6718 nafar xotin-qizlar, “Yoshlar daftari”idagi 4652 nafar yoshlarga moddiy, ma’naviy, tibbiy va psixologik yordamlar ko‘rsatildi. Ushbu fuqarolar xalq deputatlari tuman Kengashining qarorlari asosida daftarlardan chiqarildi.

Joriy yilning 1 dekabr holatiga Uchtepa tumanida umumiy hisobda 214,5 million dollar, bundan 52,3 million dollar miqdoridagi xorijiy investitsiya mablag‘i o‘zlashtirildi. Bu 2021 yilning yanvar-noyabr oylari uchun belgilangan reja 100,5 foizga bajarildi.

Ishga tushirilgan 82 ta loyihalarning 40 tasi xizmat ko‘rsatish, 29 tasi ishlab chiqarish korxonasi hamda 13 tasi turar-joy loyihalari o‘z faoliyatini boshladi va 2452 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishildi.

2020 yil yakuniga qadar investitsiya dasturi doirasida 263,1 million dollarlik 91 ta loyihalar hayotga tatbiq etildi. Shundan 94,2 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Aynan mana shu loyihalar evaziga tumanda 4410 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, joriy yilning 1 dekabr holatiga 237 nafar yakka tartibdagi tadbirkorlarga ko‘maklashgan holda ularning faoliyatini tiklashga erishildi va 1435 nafar fuqarolar yangidan tadbirkor sifatida ro‘yxatga olindi.

Ma’ruzada ta’kidlanishicha,  tumandagi  ko‘p-qavatli uylarning 10 ming kv.m. tom qismi mukammal va 20 ming kv.m. qismi joriy ta’mirlandi. Ko‘p qavatli uylarning 311ta kirish yo‘laklari, 29 ta lift kabinalari, 85 ta elektr taqsimlovchi shitlar va 65 ta uylarning fasad qismi hamda 133 ta uylarning yerto‘la qismlari joriy ta’mirlandi. 31 ta uylarga yangi zamonaviy liftlar o‘rnatildi. 2021 yil mobaynida 60 ta mahallalarning 750 ming kv.metr yo‘llari asfaltlashtirildi.

Sessiyada tuman hokimi 2022 yilda tumanda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan vazifalar bilan yig‘ilganlarni yaqindan tanishtirdi.

Sessiyada tuman hayotiga oid boshqa masalalar ham muhokama qilindi. Yakunda xalq deputatlari Uchtepa tuman Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.  

 

Muhtarama Komilova, O‘zA