Ayni paytda Buxoro viloyatida 700 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanadi. Shundan 312 tasi QQS to‘lovchi tadbirkorlik sub’ekti hisoblanadi.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev Buxoro viloyatida bo‘lib, issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarning muammo hamda takliflarini o‘rgandi.

Romitan tumanidagi “Muhammadzohid Azim Buxoro” va “Toshkent Ta’mir Temir Beton” hamda Buxoro tumanidagi “Buxoro Varnet” klasteriga qarashli issiqxona faoliyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Shundan so‘ng, shu joyning o‘zida viloyatda mazkur yo‘nalishda faoliyat yuritadigan 100 nafardan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Uchrashuvda davlat rahbarining joriy yilning 30 iyulda o‘tkazgan videoselektor tadbirkorlar uchun belgilab berilgan imtiyoz va imkoniyatlari, eksport majburiyatini olgan va muqobil isitish tizimida ishlayotgan issiqxonalarga gazdan foydalanish imkoniyati, kredit muddatining uzaytirilishi, 2028 yilgacha issiqxonada faoliyat yurituvchi xodimlar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushirilishi haqida batafsil tushuntirishlar berildi.

Yuzma-yuz muloqotlarda bank krediti, tabiiy gaz, elektr energiyasi, suv va yer solig‘i bilan bog‘liq muammo va takliflar ham muhokama qilindi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.