Buxoro davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi E.Gadoyev, xalq deputatlari viloyat hamda Buxoro shahar Kengashlari deputatlari, Kengash kotibiyatlari mutaxassislari, xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Yoshlar maslahat guruhi a’zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida muhokama etilgan masalalar va qabul qilingan qonunlar mazmun-mohiyati keng jamoatchilikka targ‘ib qilindi.

Shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning yangi bosqichi, iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, mahalliy boshqaruv organlari faoliyatini takomillashtirish, yoshlarning jamiyatdagi faol ishtiroki kabi muhim masalalar ham muhokama qilindi. Uchrashuv davomida Senat yalpi majlisida qabul qilingan qonunlarning joylarda samarali ijrosini ta’minlash, aholining turmush darajasini oshirish va hududlarning barqaror rivojlanishiga qaratilgan amaliy takliflar ham ilgari surildi.

Senator va deputatlar Buxoro shahrida joylashgan “Nigora” MCHJ korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi. Korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari, ishchi-xodimlar uchun yaratilgan mehnat va dam olish sharoitlari, mahsulotlar turi hamda ularning ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi.
Ayni paytda korxonada asosan xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda. Ular uchun qulay ish muhiti, zamonaviy uskunalar va barqaror daromad manbai yaratilgan. Shuningdek, mehnat unumdorligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari bo‘yicha ham fikr almashildi.
Zarif Komilov, O‘zA