Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uchrashuvlar sirdaryoliklarga xush yoqmoqda
18:19 / 2022-10-11

Sirdaryo viloyatida joriy yilning 10-15 oktyabr kunlari “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida taniqli san’atkorlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, ijodkorlar hamda Kinematografiya agentligining “Kinokarvon” jamoasi ishtirokida aholi bilan jonli muloqotlar, konsert dasturlari va ijodiy uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari topshirig‘i ijrosi doirasida tashkil etilayotgan tadbirlarda poytaxtimizdan tashrif buyurgan O‘zbekiston xalq artistlari Muhammadsoli Yusupov, Dilorom Karimova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Anvar Azimov, Abduxalil Mignorov, Fotima Rejametova, Rixsivoy Aliyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Isamat Ergashev hamda Ma’ruf Otajonov, Xurshid To‘xtayev, Husan Musaboyev Xushnud Sayfutdinov, Bobur Arslonov, Zuhriddin Rejametov kabi ko‘plab taniqli aktyorlar ishtirok etmoqda.

Boyovut, Sayxunobod, Yangiyer hamda Guliston kabi tuman va shaharlarda xalq bilan o‘tkazilgan davra suhbatlari, ijodiy uchrashuvlar barcha katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, “Vatan ostonasi”, “Muhabbat bahori”, “101-reys”, “Meros”, “Ayol qismati”, “Ayol qalbi”, “Baron-2”, “Bir kunlik to‘y” singari badiiy filmlar premeralari aholiga juda manzur bo‘lmoqda. Jumladan, Guliston shahri hamda Boyovut tumanida “Vatan ostonasi” va “Muhabbat bahori” filmlari namoyish etildi.

Uchrashuvlarda aholiga yurtimizdagi bunyodkorlik yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda erishilayotgan yutuqlarni aniq hayotiy misollar orqali sodda va tushunarli shakllarda yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Madina Nasriyeva, O‘zA