English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uchrashuvlar bardavom bo‘ladi
15:40 / 2023-08-12

Jizzax shahrida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo va Jizzax viloyatlari hududiy bo‘limlari hamda “Jizzax ovozi” gazetasi tahririyati hamkorligida ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.

Qo‘shni viloyatdan Jizzaxga kelgan sirdaryolik hamkasblar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi, Jizzax shahar hokimligi hamda “Jizzax ovozi” gazetasi mas’ul xodimlari, markaziy hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarining vakillari tomonidan Sharof Rashidov xiyobonida kutib olindi.  

[gallery-13113]

Tadbir qatnashchilari avval, atoqli davlat arbobi, yozuvchi Sharof Rashidov, so‘ngra o‘zbek adabiyotining yorqin vakillari Hamid Olimjon hamda Zulfiyaxonim haykallari poyiga gulchambarlar qo‘yib, ulug‘ siymolar ruhiga ehtirom bajo keltirildi.  

Hamid Olimjon va Zulfiya Isroilova, Sharof Rashidov hayoti va faoliyatidan so‘zlovchi muzeylarga sayohat ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, mehmonlar “Jizzax ovozi” gazetasi tahririyati faoliyati bilan tanishtirildi  

“Jizzax ovozi” gazetasi bosh muharriri Said Donishev va gazeta mas’ul kotibi Rahmatulla Yunusov gazetaning dunyoga kelishi va ijodiy faoliyatiga o‘z hissalarini qo‘shgan Hamid Olimjon, Sharof Rashidov, Nazir Safarov va boshqa ko‘plab ulug‘ insonlar ijod yo‘llarini boshlaganini faxr bilan ta’kidlab o‘tdi.  

“Jizzax ovozi” gazetasi tahririyatida bo‘lib o‘tgan muloqotda, bosma nashrlardagi yutuq va kamchiliklar, soha rivoji yo‘lida uchrayotgan muammolar va ularga yechim topish, xususan, obuna, maketlashtirish, tashkiliy masalalar muhokama etildi. Qizg‘in kechgan davra suhbatida “Qisqa va lo‘nda yozish sinoatlari”, “Yaxshi sarlavha – yarim muvaffaqiyat”, “Ijtimoiy tarmoqlar va OAV” kabi mavzularda fikr almashildi.  

Guliston davlat universiteti dotsenti Hamid Yodgorovning matbuot nashrlarida til qonun-qoidalariga rioya etish ahamiyati mavzusidagi ma’ruzasi ko‘pchilik tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi.  

– Jonajon va jannatmakon yurtimizdagi bosma nashrlar orasida 90 yillik tarixga ega bo‘lgan “Jizzax ovozi”ning o‘ziga xos o‘rni, mavqeyi bor. Biz viloyat matbuot nashrlari muharrirlarining mazkur ijodiy jamoa bilan do‘stona aloqalar o‘rnatishi, xususan, gazeta mas’ul kotibi, muxbirlari va dizayner-operatorlari ish tajribasi bilan tanishishiga ko‘maklashayotganimizdan mamnunmiz. Ko‘hna Jizzax shahriga hamkorlikda tashkil etilgan bugungi tadbir va jizzaxlik hamkasblarimizning oliyjanob mehmondo‘stligi, biz Sirdaryo vohasi jurnalistlarida yaxshi taassurot qoldirdi. Navbatdagi ijodiy uchrashuv Sirdaryo sohillarida bo‘lishiga o‘zaro kelishib oldik, – deydi O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Boyjigit Abdullayev.  

Hamkasblar kelgusida mana shunday hamkorlikdagi ijodiy uchrashuv, press-tur, davra suhbatlari va sport musobaqalari o‘tkazishga kelishib olindi.  

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA