Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan uchrashuv va bayram kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda institutning yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Quvondiq Qodirov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasi faxriylar kengashi raisi, zaxiradagi mayor Dastan Allamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash boshqarmasi katta inspektori Atabek Xodjayev, afg‘on urushi qatnashchisi, zaxiradagi serjant Murat Abdullayev so‘zga chiqib, ishtirokchilarni bayram bilan muborakbod etdi va mamlakatimiz Qurolli Kuchlarining tashkil etilishi, so‘nggi yillarda milliy armiyamizni yanada rivojlantirish, uning jangovar tayyorgarligini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xalqaro nufuzini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari haqida ma’lumot berishdi.

O‘tgan yillar davomida O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha harakatlar, shuningdek, taraqqiyot strategiyalari va Mudofaa doktrinasi asosida muhim va tarixiy qarorlar qabul qilindi. Ayniqsa, mamlakatimiz miqyosida harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etilgani, mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan harbiy xizmatchilarni qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib ish va turmush sharoitlari yaratib berishda qilinayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda. Xususan, milliy armiyamizning hududiy, xalqaro reytinglardagi, o‘tkazilayotgan turli musobaqalardagi ko‘rsatkichlari yuksalmoqda. Bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz jahonda va MDHda, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yuqori o‘rinlarni egallamoqda.

Milliy, mintaqaviy va global xavfsizlikka qarshi turli tahdidlar yuz berayotgan bugungi kunda xalqimizning tinch va osoyishta hayot kechirishi, chegaralarimiz daxlsizligi va butunligini ta’minlash har birimizning oldimizda turgan ustuvor vazifalardan biridir. Tadbirda ana shunday ulkan maqsadlardan kelib chiqib, Prezidentimizning “Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmonida ko‘rsatib o‘tilgan yetti ustuvor yo‘nalishning biri mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat yuritish ekanligi, shuningdek, ulardan kelib chiqib amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

Shu bilan birga, faxriy harbiy xizmatchilar o‘zlarining hayot yo‘li, afg‘on urushining oqibatlari haqida so‘zlab, yoshlarni bugungi tinch va osoyishta hayotimizning qadriga yetib, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish va mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishga chaqirishdi.
Tadbir institutning “To‘maris” xalq ansambli va iqtidorli talaba-yoshlar ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri