Ichki ishlar vazirligining Surxondaryo akademik litseyida “Uch avlod uchrashuvi” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda ichki ishlar organlari faxriylari, ayni paytda xizmat qilayotgan osoyishtalik posbonlari, akademik litsey o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etdi.

Uchrashuvda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Sherzod Shadiyev keyingi yillarda mamlakatimizda ichki ishlar organlari aholining ishonchli himoyachisi sifatida fuqarolar, jamoat tashkilotlari hamda keng jamoatchilik bilan yaqin hamkorlikda, o‘zaro ishonch va hamjihatlik ruhida ishlashini ta’minlaydigan xalqchil tuzilmaga aylantirilganini ta’kidladi. Bunday ulug‘vor ishlar yurtimizda qonun ustuvorligini ta’minlab, tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlashda o‘z samarasini berayotgani, bu jarayonda sharafli kasb egalariga barcha sharoit yaratilib, kuchli ijtimoiy himoya qilinayotgani qayd etildi.

Uch avlod vakillarini yagona maqsad yo‘lida birlashtirgan uchrashuvda viloyat ichki ishlar boshqarmasi faxriylar kengashi raisi, iste’fodagi podpolkovnik Akram Sharafutdinov va boshqalar o‘zlari xizmat qilgan yillarni eslab, haminqadar sharoitlarda tinch, osoyishta hayotni ta’minlashga harakat qilganini yodga oldi. O‘sha davr bilan hozir yaratilgan sharoit va qulayliklarni qiyosladi. Ayni paytda nafaqat ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan xodimlar, balki faxriylarga ham alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani xususida so‘z yuritdi. Yosh xodimlar va bo‘lg‘usi ichki ishlar organlari xizmatchilarini bunday e’tiborning qadriga yetib, undan oqilona foydalanish hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishga chaqirdi.


Qiziqarli savol-javoblarga boy bo‘lgan tadbirda yosh avlodni Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan bir guruh faxriylar hamda a’lo baholarga o‘qib boshqa tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgan litsey o‘quvchilariga viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tashakkurnomasi va kitoblar to‘plami topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri