Jizzax politexnika institutida yoshlarni qiynayotgan masalalarni o‘rganish, ularga yechim topish va davlat tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi raisi maslahatchisi Sobur Murodov, Yoshlar ishlari agentligi direktori o‘rinbosari Abdulaziz Mo‘minov, Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Akmal Savurbayev hamda viloyatning faol yoshlari ishtirok etishdi.
[gallery-25487]
Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan bildirilgan 25 dan ziyod murojaat va takliflar kun tartibiga olindi. Ular orasida ishbilarmonlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, tibbiy yordam olish, uy-joy bilan ta’minlash hamda ta’lim to‘lovlariga oid masalalar asosiy o‘rinni egalladi.
Muloqot jarayonida rahbarlar har bir masalani diqqat bilan tinglab, amaliy yechimlar va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etiladigan takliflar yuzasidan aniq tavsiyalar berishdi.
Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularning fikri va tashabbuslariga yetarli e’tibor qaratish hamda mavjud muammolarni mahalliy darajada hal etish mexanizmlarini ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv samimiy muhitda, ochiq muloqot shaklida o‘tdi va yoshlar islohotlar jarayonining bevosita ishtirokchisi sifatida qaralayotgani yana bir bor namoyon bo‘ldi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA