Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumanidagi 7-sonli maktabda “Vatanparvarlik oyligi” doirasida “Milliy armiya - ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida “Qo‘mondon va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda harbiy xizmatchilar, “Jasorat maktabi” tarbiyalanuvchilari, faol yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Okrug qo‘mondoni o‘z nutqida bugungi kunda yoshlarning jismoniy va ma’naviy yetukligi, ularning Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalanishi muhim ahamiyat kasb etadi dedi. Shuningdek, u harbiy xizmatning sharafli burch ekani, tinchlik va osoyishtalikni saqlash yo‘lida har bir fuqaroning mas’uliyati katta ekanini eslatib o‘tdi.
Bo‘zatov tumani hokimi esa yoshlar bilan ishlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim-tarbiya masalalari doimo davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini alohida ta’kidladi. "Jasorat maktabi" faoliyati yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim maskan bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.

Uchrashuv davomida yoshlar tomonidan harbiy xizmat, harbiy ta’lim muassasalariga kirish, zamonaviy Qurolli Kuchlar faoliyati hamda harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida savollar berildi. Qo‘mondon ularga batafsil javob qaytardi.
Tadbir yakunida faol yoshlarga va "Jasorat maktabi" tarbiyalanuvchilariga okrug qo‘shinlari qo‘mondonining esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, bunday uchrashuvlar kelgusida ham muntazam tashkil etilishi ta’kidlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri