Oliy ta’lim muassasasida bilim olayotgan talabalar bilan davlat idoralari vakillari ishtirokida uchrashuvlar o‘tkazish yoshlarning ertangi hayotida, ma’lum bir kasb tanlashida muhim omil hisoblanadi.
Ayni shu jihatdan, Namangan davlat universitetining yuridik fakulteti talabalari bilan o‘tkazilgan “Sudya va yoshlar” uchrashuvi ham ertangi faoliyatini sud idoralari bilan bog‘lash niyatidagi ko‘plab yigit-qizlarga o‘ziga xos maktab bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari Ikrom Muslimov, Oliy sud kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Muhiddinov, viloyat sudi raislari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuv avvalida, keyingi yillarda sudlarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritilib, mazkur jarayonlarda tizim xodimlari uchun yetarli sharoit va imkoniyatlar, ijtimoiy kafolatlar yaratilgani ta’kidlandi.

Uchrashuvda yuqori malakali, chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlar yordamidagina sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, ularning faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirishdek ezgu maqsadlarga erishish mumkinligi aytib o‘tildi. Bu borada Oliy sud va Namangan davlat universiteti o‘rtasida yuridik kadrlarni tayyorlash sohasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangani, ushbu hujjatga ko‘ra, talabalarning sud tizimida maxsus amaliyotini o‘tkazish bo‘yicha “Bo‘lajak sud xodimlari” klubi joriy etilgani qayd etildi.

Bugungi kunda Namangan davlat universitetining yuridik fakultetida kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim yo‘nalishlarida jami 800 nafarga yaqin talaba tahsil olmoqda. Yuzma-yuz muloqotda yoshlarning qonunchilik islohotlari, sud tizimidagi o‘zlarini qiziqtirgan savollariga hayotiy misollar, amaliyotda uchraydigan voqea-hodisalar bilan javob qaytarilgani bo‘lajak huquqshunoslarni sud tizimiga, sudyalikka bo‘lgan qiziqishini yanada oshirdi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.