Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uchquduqlik yoshlar muvaffaqiyatga erishish sirlaridan xabardor bo‘ldi
12:30 / 2022-12-23

Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi “Kelajak” yoshlar markazida bitiruvchi yoshlar ishtirokida “Muvaffaqiyat omili” mavzusida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari, sektor rahbarlari, muvaffaqiyatga erishgan, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan, aholi o‘rtasida hurmat-e’tibor qozongan, o‘z kasbining ustalari ishtirok etdi.

Har bir inson o‘z hayotida muvaffaqiyatga erishishni, baxt, omad uning doimiy hamrohi bo‘lishini orzu qiladi. Bunga erishishning, muvaffaqiyatli inson bo‘lishning siri nimada?

Albatta, kimningdir bosib o‘tgan yo‘li, hayot tarzi, amalga oshirgan ishlari kimlar uchundir namuna bo‘la olmas, aynan uning yo‘lini bosib o‘tib ham bo‘lmaydi, aynan o‘zini ko‘chirishning ham imkoni yo‘q.  

Ammo hayotda qaysidir ma’noda muvaffaqiyatga erishgan insonlar bilan uchrashish, ularning hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashish, katta hayot ostonasida turgan yoshlar uchun foydadan holi bo‘lmaydi. Bundan inson o‘ziga to‘g‘ri xulosalar chiqarishi, o‘z maqsadlariga erishishda to‘g‘ri yo‘lni tanlab olishi mumkin.

Tadbir avvalida 3-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘qituvchisi - “Mehnat shuhrati” ordeni sohibasi Olga Lagutina, “Do‘stlik” ordeni sohibi Abdulla ota Keruyenbayev, Shimoliy kon boshqarmasi direktori - “Shuhrat” medali sohibi Ne’matillo Axatovning hayoti va ish faoliyatiga doir videorolik namoyish qilindi.  

Uchrashuv qahramonlariga o‘quvchi-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi.  

– Albatta, kimdir muvaffaqiyatni katta boylik orttirganida, yana kimdir odamlar orasidagi mashhurligida, yana kimdir mansab pillapoyalarida tez yuqorilaganida ko‘radi, – deydi Abdulla ota Keruyenbayev.  – O‘zini qaysidir ma’noda muvaffaqiyatga erishdim, deb hisoblagan insonlarning o‘z qarashlari, muvaffaqiyatga olib borgan yo‘llari bo‘ladi. Shunisi aniqki, belgilab olingan maqsad, bunga erishishda har qanday qiyinchiliklarni sabr-bardosh bilan yengib o‘tish, xatolardan qo‘rqmasdan, ulardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda olg‘a intilish, izlanish, tinimsiz mehnat, o‘qib-o‘rganish, har bir ishga mas’uliyat va qat’iyat bilan yondashuv, o‘ylaymanki, har qanday insonni muvaffaqiyat sari yetaklaydi.

– Biz mustaqil hayot ostonasida kelajagimizni belgilovchi muhim qarorni qabul qilish arafasidamiz, – deydi 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Daler Ne’matov. – Har bir tengdoshimizni kim bo‘lsam ekan, qaysi sohani tanlasam ekan kabi o‘y-fikrlar tinchlik bermayotgan shu kunlarda bu kabi uchrashuv, muvaffaqiyatga erishgan insonlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot barchamiz uchun foydali bo‘ldi, albatta.

Uchrashuvda fanlar olimpiadasining viloyat bosqichi g‘olib va sovrindorlari, mamlakat bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan o‘quvchilar, ularning o‘qituvchilari, ota-onalari “Tashakkurnoma” va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi hamda rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov hamkorligida amalga oshirilayotgan “Zo‘r, Klass!” loyihasi doirasida Boshqirdiston Respublikasidan Uchquduq tumaniga tashrif buyurgan o‘qituvchi Nuriya Iskanova, tuman xokimligi Axborot xizmati tomonidan “Hokim savoliga javob ber va pullik sovg‘ani qo‘lga kirit!” onlayn-viktorina g‘olibi - 10-umumiy o‘rta ta’lim maktabi tarix fani o‘qituvchisi Laziz Temirov, Shimoliy kon boshqarmasi tasarrufidagi korxona-tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari - Markaziy fizika-kimyoviy laboratoriya yoshlar yetakchisi Farid Nazarov, Temir yo‘l sexi yoshlar yetakchisi Farida Tanatarova, Avtomobil transport boshqarmasi yoshlar yetakchisi Umidjon Aripov, Idoraviy-harbiylashtirilgan qism yoshlar yetakchisi Nodirbek To‘yev ham rag‘batlantirildi.

Uchrashuvda faol ishtirok etgan o‘quvchilarga kitoblar taqdim qilindi.

Tadbirda “Qizilqum” madaniyat uyi badiiy jamoalari tomonidan kuy-qo‘shiq va raqslar ijro etildi.

 

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA