Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uchquduq tumanida IT akademiyasining filiali tashkil etiladi
21:12 / 2020-11-21

Uchquduq tumanidagi “Kelajak” yoshlar markazida Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunovning “Hokim va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat va tumandagi davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda uchquduqlik yoshlar ishtirok etgan uchrashuvda dastlab viloyat hokimi Q.Tursunov viloyatda o‘tgan davr mobaynida davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar, yoshlarga oid davlat siyosati borasida olib borilayotgan ishlar, amalga oshirilayotgan islohatlar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tdi.

Ta’kidlandiki, yurtimizning har tomonlama taraqqiy etishida salohiyatli yoshlar muhim o‘rin tutadi. Sababi ular jamiyat uchun “yangi qon” vazifasini o‘taydi. 

Yangidan-yangi tashabbus-g‘oyalarni ilgari surish, zamonaviy ish yuritish uslublarini joriy qilishda ularning sa’y-harakatlari alohida ahamiyat kasb etadi.

Shundan so‘ng, viloyat hokimi yoshlar bilan ochiq muloqotga kirishdi.  Uchquduqlik yoshlar takliflar hamda muammolari bilan viloyat hokimiga murojaat qilishdi.

Jumladan, Uchquduq kasb-hunar maktabi o‘quvchisi Suhrob Olimov, “Qizilqum” madaniyat uyi “Parvoz” teatri aktyori, Bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Mardon Saidov, IT akademiyasi Zarafshon shahar rahbari Buyuk Ibodullayev ijodkor yoshlar o‘rtasida ko‘proq tanlovlar o‘tkazish, akademiyaning Uchquduq tumanida filialini tashkil etish haqida fikr-mulohazalarini bildirib, “Kelajak”  yoshlar markazi binosida 3 ta xona va zaruriy jihozlar hamda kompyuter vositalari bilan ta’minlanishida amaliy ko‘mak so‘radi. 

Viloyat hokimi yoshlar bildirgan fikr va mulohazalarni inobatga olib, ikki nafar ijodkor yoshning she’riy to‘plamini chop ettirish, yaqin kunlarda “Shodlik” yoshlar amfiteatri hududida bepul Wi-Fi zona tashkil qilinishini ta’kidladi.

Samimiy muloqotlar asosida bo‘lib o‘tgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida Uchquduq tuman hokimligi homiyligida nashr etilgan “Seni kuylayman, Vatan!” to‘plamining taqdimoti ham o‘tkazildi. To‘plamdan “Uchquduq” gazetasi qoshida faoliyat yuritayotgan adabiyot to‘garagi a’zolarining she’rlari joy olgan.

Bundan tashqari, “Ayollar temir daftari” ga kiritilgan 5 nafar xotin-qizlarga tikuv mashinasi va pishiriqlar pishirishga mo‘ljallangan pechlar taqdim etildi.

Albatta, bugungi kunda yurtimizda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan, intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, shu kuni viloyat hokimi Qobul Tursunov uchquduqlik pedagoglar bilan ham uchrashgan.

Navoiy viloyati hokimi uchrashuv chog‘ida hududda ta’lim sohasida yetarli shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lsa-da, imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotganini ta’kidladi.

O‘tgan o‘quv yilida tumandagi mavjud 19 ta umumta’lim maktabini 451 nafar o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ularning 198 nafari yoki 44 foiz bitiruvchi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. 4 ta maktabning birorta bitiruvchisi esa oliy ta’lim muassasalariga kirolmagan.

bugungi kunda tumandagi maktablarda 829 nafar o‘qituvchi ishlaydi. Ularning 19 (2,3 foiz) nafari oliy toifali, 165 nafari (19,9 foiz) birinchi toifali, 245 nafari (29,6 foiz) ikkinchi toifali o‘qituvchilardir.

Uchrashuv so‘ngida bitiruvchilarining 35 foizdan ortig‘i oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan maktab direktorlari viloyat hokimining maxsus pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA