Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumani ma’muriy sudi binosida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sud davomida aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotganlarga nisbatan javobgarlik masalasi qo‘rib chiqildi.
MIB viloyat boshqarmasidan ma’lum qilinishicha, Uchqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M. Q ayrim sabablarga ko‘ra turmush o‘rtog‘i S. T bilan ajrashib ketadi. Qaramog‘idagi bir farzand ona tarbiyasida qoladi va fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudining qarori bilan otadan har oyda topgan daromadidan aliment mablag‘ini undirish belgilanadi. Mazkur ijro hujjati Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limi ish yurituviga olinadi. Davlat ijrochisi tomonidan farzandi uchun aliment mablag‘ni o‘z vaqtida to‘lab borilishi tushuntiriladi.
Biroq, M. Q bu majburiyatga ma’suliyatsizlik bilan qaraydi va qarzdorlik 24 million so‘mga borib yetadi. Sud majlisi davomida mazkur ish atroflicha ko‘rib chiqilib, taraflar eshitildi. Sudning qarori bilan mas’uliyatsiz otaga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Fuqaro B.G‘ ham voyaga yetmagan farzandlari uchun belgilangan aliment mablag‘larini to‘lamay kelayotgan otalardan biri bo‘lib chiqdi. Bo‘lmasa, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudning buyrug‘iga asosan qat’iy belgilangan pullarni to‘lab kelar edi. Moddiy ta’minotidan bo‘yin tovlab kelgan qarzdor otaning alimentdan bo‘lgan qarzdorligi 38 million so‘mni tashkil etadi. Bu bo‘yicha to‘plangan ijro xujjatlari ham o‘rganilib, unga nisbatan ham 15 sutkalik ma’muriy qamoq belgilandi.
Fuqaro O. T ham turmush o‘rtog‘i foydasiga bir bolasi uchun aliment mablag‘ini to‘laymay kelgani uchun unga nisbatan ham sudning qarori e’lon qilindi. Ya’ni, 2 oydan oshiq vaqt mobaynida aliment mablag‘ini to‘lashdan bo‘yin tovlagani sababli ma’muriy sudning hukmi 10 sutkalik qamoq jazosi tayinlandi.
MIB Uchqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan ayni paytda o‘z jigarbandlari kelajagiga befarq bo‘lib, moddiy ta’minotini bajarishdan bo‘yin tovlayotganlarga nisbatan javobgarlik masalasini hal etilishi davom etmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA