English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Uchqo‘rg‘on” – “Kengsay” postlari tufayli do‘stlik rishtalari qaytadan tiklandi (+video)
19:10 / 2024-10-06

Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yilligi bayramiga chinakam tuhfa sifatida O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalarini bog‘lovchi, Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani hamda Jalolobod viloyati Nooken tumani hududlarida joylashgan “Uchqo‘rg‘on”-“Kengsay” chegara bojxona postlarining ochilishi tili, dili, dini, qarashlari bir, azal-azaldan bir ariqdan suv ichib kelgan o‘zbek va qirg‘iz xalqlarining armonga aylangan orzularini ro‘yobga chiqardi.

O‘zA muxbiri Uchqo‘rg‘on tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Rasulbek Madrahimov hamrohligida Uchqo‘rg‘on tumani Yog‘du va Bo‘ston mahallalari hamda qo‘shni davlatning Nooken tumani Do‘stlik qishlog‘ida   bo‘lib, mahallalar ahli, oddiy odamlar bilan ayni shu mavzuda suhbat qurdi.Ularning fikrlari bilan qiziqdi.  

Umida Turdiyeva, Xalq deputatlari Uchqo‘rg‘on tumani Kengashi deputati, 49-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari:

–  Shuni alohida mamnuniyat bilan aytishim joizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin qo‘shnichilik va birodarlik siyosati tufayli “Uchqo‘rg‘on” – “Kengsay” avtoyo‘l o‘tkazish punktlari qaytadan zamonaviy ko‘rinishda qurilib, foydalanishga topshirilgani tarixiy voqelik kasb etdi. Bundan bugun xalqimiz behad xursand.

Chegara postlarining ochilishi ikki davlat va xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining tiklanishiga katta imkoniyatlarni yaratdi. Odamlar uchun qo‘shimcha daromad manbai, yangi ish o‘rinlariga ega bo‘lishga zamin hozirladi. Ayniqsa, ishsiz yurgan o‘nlab mahalladoshlarimiz haydovchi sifatida faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, ikki el aholisi uchun Namangan va Jalolobod viloyatlarining diqqatga sazovor joylari bo‘ylab sayohatga borish, turizm rivoji uchun ham keng yo‘llar ochiladi, degan umidimiz  bor.

Hasanboy Abdurazzoqov, Uchqo‘rg‘on tumani “Yog‘du” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi:

– Chegara hududida joylashgan mahallamiz 2010 yili “post” yopilganidan keyin boshqa hududlarga qaraganda rivojlanish va farovonlikdan orqada qolgandi. Ikki qardosh ellarni bog‘lovchi chegara maskanining qayta ishga tushirilgani biz uchun katta bayramga aylandi. Bundan “muzlab qolgan” ko‘ngillarimiz yorishdi. Endilikda mahallamiz ham rivoj topib, infratuzilma yuksaladigan bo‘ldi.  

Afsuski, hozirgacha qo‘shni mamlakat fuqarolari bilan qarindosh-urug‘chilik, quda-andachilik, ayniqsa,  ma’rakalarda bir-birimizni yo‘qlashning imkoni bo‘lmadi. Faqat telefon orqali hol-ahvol so‘rash bilan cheklanib keldik. Chegara postlarining ishga tushirilgani dillarni bir-biriga yaqinlashtirdi, birlashtirdi. Do‘stlik, birodarlik, qardoshlik yanada mustahkamlanadigan bo‘ldi.

Bugungi kunda uch ming besh yuzdan ziyod aholisi bo‘lgan mahallamizda boshqa millat vakillari qatorida qirg‘izlar ham o‘zaro ahillikda istiqomat qiladi. Ular orasida Qirg‘iz Respublikasida tug‘ilib, yurtimizda ko‘nim topganlar ham bor. Chegara posti ochilishi 647 xonadondagi mahalladoshlarimiz hayotida tub burilish yasashi, shubhasiz.

Dilafro‘z Abdurazzoqova, Uchqo‘rg‘on tumanidagi 37-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi:

– Millatim qirg‘iz. Bundan yigirma to‘rt yil avval Qirg‘iz Respublikasining Shamalduu-Say posyolkasidan Namangan viloyati, Uchqo‘rg‘on tumani Yog‘du mahallasiga ziyolilar oilasiga kelin bo‘lib tushganman. Mana, chorak asrdan buyon turmush o‘rtog‘im bilan o‘zaro ahillikda baxtli-saodatli hayot kechirib, bir qiz va ikki o‘g‘il farzandni kamolga yetkazmoqdamiz. To‘ng‘ich farzandim Nilufar izimdan borib, muallimalik kasbini egallab, o‘zim ishlayotgan maktabda faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘g‘lim Dilshod Namangan davlat universiteti fizika-matematika fakultetiga o‘qishga kirgan bo‘lsa, kenjam Davlatali maktabning 6-sinf o‘quvchisi.

Men o‘zimni O‘zbekistonda baxtli oila bekasi, baxtiyor ona sifatida ko‘raman. Lekin dilimda bittagina armonim bor edi, ya’ni uzoq yillardan beri ota-onamni ko‘rishga borolmaganim uchun chegaralarimiz ochilarmikan, degan umidda yurardim. Niyatlarimiz amalga oshdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalari davlat rahbarlarining o‘zaro kelishuvlari samarasida Uchqo‘rg‘on va Nooken tumanlarini bog‘lovchi chegara posti ochilishini eshitganda ko‘zlarimiz sevinch yoshlariga to‘ldi. Oila a’zolarimiz bilan tantanali ochilish marosimiga, qo‘shni davlatdagi yaqin qarindoshlarimiz diydoriga oshiqdik. Ayniqsa, onajonim bilan hech qanday to‘siqlarsiz bemalol ko‘rishishdek baxtni so‘z bilan ifodalab berolmayman.

Boisi, uyimdan tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imgacha bo‘lgan 10 kilometrlik manzilga borish uchun keyingi paytlarda Andijon viloyatidagi chegara orqali 500 kilometr masofa yo‘l bosardik.  Mana endi yo‘llarimiz yaqin, mushkullarimiz oson bo‘ldi. Turkiy xalqlar oilasiga mansub o‘zbek va qirg‘iz xalqlari ming yillardan buyon bir ariqdan suv ichib, bir nonni bo‘lishib, inoqlikda yashab kelishgan. Birmuncha uzilib qolgan aloqalarimiz qayta tiklangani o‘zaro quda-andachilik, qarindosh-urug‘chilikni yanada mustahkamlaydi. Bordi-keldimiz osonlashgani uchun endi biz Qirg‘iz Respublikasidagi oilalarga bemalol qiz berib, qiz olib, to‘y-u shodiyonalar qilamiz.

Rahimjon Toshmirzayev, Qirg‘iz Respublikasi, Nooken rayoni Do‘stlik qishlog‘ida yashovchi mehnat faxriysi:

– Yoshim 65 da. Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi kichik tog‘amni yo‘qlab qaytyapman. Hech qanday qiyinchiliksiz bemalol borib keldim. “Uchqo‘rg‘on” va “Kengsay” chegara postlaridagi xodimlarning muomala madaniyati a’lo. Har ikki chegara posti yaqinida haydovchilar aytgan manzilingizga eltib qo‘yishadi. Tarixiy va diqqatga sazovor joylarga ekskursiya xizmatlarini taklif qilishmoqda. Shunday saodatli kunlarni bundan olti-yetti yil avval tasavvur qilish qiyin edi.

Qishlog‘imizda asosan o‘zbek millatiga mansub fuqarolar istiqomat qiladi. Chegara zonada joylashgani sababli tashqi muhitdan uzoqlashib qolgandik. Oxirgi yillarda imkoniyati borlar ancha yo‘l bosib, qo‘shni viloyat orqali qarindoshi yoki  quda-andasini ko‘rib kelardi. Shunga ham borolmaganlar ko‘p bo‘lgan. Mana, shundoq yonginamizda chegara posti ishga tushdi. Buning uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda mamlakatimiz Prezidenti Sadir Japarovga minnatdorlik bildiraman.

Risliqjon Mamadaliyeva, Qirg‘iz Respublikasi, Nookent rayoni Do‘stlik qishlog‘ida istiqomat qiluvchi uy bekasi:

– O‘zim namanganlikman. Qirg‘iziston zaminiga 1978 yilda turmush o‘rtog‘im bilan dehqonchilik uchun kelganmiz. Keyinchalik taqdir taqozosi bilan shu joylarda muqim qoldik. Oila qurib, farzandlarimizni kamolga yetkazdik. Ikki o‘g‘limga kelinlarni Chortoq va Uchqo‘rg‘on tumanlaridan olganman.

Qirg‘iz xalqi bilan yaxshi iliq munosabatda bo‘lib keldik. Sholichilik va chorvachilik bilan shug‘ullanib, kun kechirdik. Faqat bir  kemtik dillarimizga og‘riq berardi. Yillar davomida postlarning berkilgani sababli qiynaldik. Ota-onamiz, aka-ukalarimiz, yaqin qarindoshlar va qudalarimizning diydoridan uzoqda bo‘ldik. Hatto postlarga borib, o‘tolmasdan ortga yig‘lab qaytgan kunlarni ham boshdan kechirdik.

Qirg‘iz Respublikasi hamda O‘zbekiston davlat rahbarlarining tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan endi ikki xalq uchun yo‘llar ochildi. Chegara postlarimiz yana o‘z faoliyatini boshladi. Ikki tomonlama transport qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Kelinlarim endi bemalol ota uylariga borib keladigan bo‘ldi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, birdamlik, hamkorlik hamisha bardavom bo‘lishi tarafdorimiz.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/fyyTXflDDqg?si=dkZt-6akw96BFwE6" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

O‘zA muxbiri Oqilxon Dadaboyev yozib oldi.