Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Uchqo‘rg‘on” – “Kengsay”: orzular ro‘yobga chiqqan tarixiy voqea
23:49 / 2025-09-13

O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikalarini bog‘lovchi, Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani hamda Jalolobod viloyati Navkent tumani hududlarida joylashgan “Uchqo‘rg‘on” – “Kengsay” chegara bojxona postlarining ochilishi azal-azaldan bir ariqdan suv ichgan, tili, dili va dini bir bo‘lgan o‘zbek va qirg‘iz xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirish, armonga aylana yozgan orzularini ro‘yobga chiqargan katta tarixiy voqea sifatida baholandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin qo‘shnichilik va birodarlik siyosati tufayli zamonaviy ko‘rinishda qurilib, foydalanishga topshirilgan ushbu chegara avtoyo‘l o‘tkazish punktlari ikki davlat va xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining qayta tiklanishi asnosida odamlar uchun qo‘shimcha daromad manbai, yangi ish o‘rinlariga ega bo‘lishga ham zamin hozirladi. 

Namangan viloyati bojxona boshqarmasining “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti tunu-kun faoliyat yuritib, mazkur yurt ostonasi orqali kuniga o‘rtacha uch ming nafar fuqaro hamda 85-90 ta yuk va 190-200 ta yengil avtotransport vositasi harakatlanmoqda. 

– Bugungi kunda “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti orqali harakatlanayotgan avtoulovlarning oqimi tobora ortib bormoqda. Xususan, joriy yilning yanvar oyida post orqali bir kunda o‘rtacha 120-125 ta transport harakatlangan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 350-400 tani tashkil qilib, uch barobarga oshdi, – deydi Namangan viloyati bojxona boshqarmasi mas’ul xodimi Anastasiya Ataxanova. – Shu o‘rinda qayd etish darkor, joriy yil boshidan buyon yukli transport vositalarining oylik post orqali harakati kirish yo‘nalishida 743 tadan 1025 taga, chiqishda 554 tadan 1 ming 532 taga, yengil avtotransport vositalari harakati kirishida 1 ming 180 tadan 3 ming 444 taga, chiqishda esa 1 ming 253 tadan 3 ming 507 taga ortdi. 

Post kirish yo‘nalishi orqali harakatlanayotgan yukli transport vositalarining 224 tasi milliy tashuvchilar, 2014 tasi esa Qirg‘iz Respublikasi tashuvchisi hisoblansa, chiqish yo‘nalishida 693 ta milliy tashuvchi, 2 ming 109 ta qo‘shni mamlakat tashuvchisini tashkil qildi.

Har ikki chegara postlari orqali harakatlanayotgan yuk avtotransport vositalarining 55 foizi eksport, 45 foizi esa import asosida harakatlanmoqda. Eksport yo‘nalishida 4 million 792 ming dollar qiymatidagi tovarlar eksportga chiqarilgan bo‘lib, harakatlangan yuklar asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, tarvuz, qovun, piyoz, gilos va pomidor, shuningdek, qurilish materiallari, neft mahsulotlari, salqin ichimliklar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Import bo‘yicha esa qiymati 1 million 345 ming dollarga teng tovarlar olib kirilgan bo‘lib, ularning asosiy qismini makkajo‘xori, mazut va neft mahsulotlari, yong‘oq, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tashkil etmoqda. 

Darhaqiqat, ikki qardosh elni bir-biriga yanada yaqinlashtirgan “Uchqo‘rg‘on” – “Kengsay” chegara bojxona postlari O‘zbekiston va Qirg‘iz Respublikasi fuqarolarini emin-erkin harakat qilishlariga katta imkoniyat yaratishi bilan bir qatorda boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlariga tranzit yo‘l vazifasini ham o‘tamoqda.

– Qozog‘istonning “Golga” dam olish turistik zonasiga yo‘l olyapman. Bu joyda do‘stlarimiz bilan birgalikda tadbirkorlik qilamiz. Chegara postini ochilgani uzog‘imizni yaqin, mushkulimizni yanada yengil bo‘lishini ta’minlamoqda, – deydi Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi Hasanboy Hayitboyev. – Ilgari Almatiga borish uchun yengil avtomobilda Toshkent viloyatidagi chegara maskani orqali o‘tib, naqd 1 ming 200 kilometr masofa yurardik. Uchqo‘rg‘ondagi chegara bojxona postining ishga tushgani yo‘limizni 400 kilometrga yaqinlashtirganligini alohida ta’kidlamoqchiman. Bu bilan olti soatlik vaqtimiz ham tejalmoqda.

Viloyat bojxona boshqarmasidan ma’lum qilinishicha, “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti orqali kirish va chiqish yo‘nalishida bir kunda o‘rtacha 3 ming 500 – 3 ming 800 kishi harakatlanmoqda. Mazkur ko‘satkich post faoliyati tiklangan vaqtda kuzatilgan harakatga, ya’ni o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan to‘rt barobarga, 2025 yil yanvar oyiga holatiga esa 3,5 barobarga oshgan.

Post orqali harakatlanayotgan fuqarolarning asosiy qismini Qirg‘iz Respublikasi va Qozog‘istonga ishlash yoki dam olish uchun borayotgan mamlakatimiz fuqarolari hamda O‘zbekistonga turist sifatida kelayotgan Qirg‘iz Respublikasi fuqarolarini tashkil qiladi. Fuqarolarning oqimi shu yilning 25 mayidan 10 iyuliga qadar Namangan shahrida o‘tkazilgan 64-Xalqaro “Gullar festivali” munosabati bilan sezilarli darajada ko‘paydi.

Chegara – har bir davlatning ostonasi hisoblanib, siyosiy-iqtisodiy jihatdan muhim  strategik ahamiyatga ega. Shu nuqtai nazardan ham “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona postida turli jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida tizimli ravishda chora-tadbirlar ko‘riladi. Raqamlarga murojaat etadigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan davri mobaynida bojxona va boshqa huquqni muhofaza qilish organlarining sa’y-harakatlari natijasida, 100 ta holatda 905,2 million so‘m miqdoridagi tovarlarning chegaramiz orqali noqonuniy harakati bilan bog‘liq huquqbuzarliklar aniqlanib, tegishli protsessual choralar ko‘rilgan.    

Xususan, ushbu davrda “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan beshta holatda 23 ming 450 dollar noqonuniy harakatning oldi olingan bo‘lsa, bitta holatda og‘irligi 82,18 gramm bo‘lgan sakkiz dona 585 probali uzuk, yetti juft 585 probali baldoq, shuningdek, 10 ta 375 probali bolalar uzugi va 21 juft bolalar baldoqlari ko‘rinishidagi zargarlik buyumlarini noqonuniy ravishda olib chiqishning, qolaversa, yana beshta holatda uchuvchisiz uchish apparatlarini mamlakatimiz hududiga olib kirish bilan bog‘liq holatlarning oldi olingan.

Sen tinch qo‘shning tinch. Darhaqiqat bu maqol bir lahza ham o‘z qimmatini yo‘qotmaydi. Qadriyatlarimiz sifatida asrlar osha yashab kelayotgan bu so‘zda olam-olam ma’no yashiringan. Aynan buni chegarada doim sergak turgan, har bir harakatni sinchkovlik bilan kuzatayotgan fidoyi insonlarga aytsa mubolag‘a bo‘lmaydi. El-yurt tinchligi, sarhadlarimiz osoyishtaligi yo‘lida tunu-kun mehnat qilayotgan mard o‘g‘lonlar bor ekan tunimiz osuda, kunimiz mazmunli o‘tadi. 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.