FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida limonchilik va sitrus mevalarni yetishtirish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba maktabi yaratilgan. Tumanning Qurbonqashqar, Oqsuv, Tojik, Katta qashqar kabi mahallalarida 3 ming 823 xonadonda 766 gektar issiqxona tashkil etilgan.
Bu yerdagi aholi o‘z tomorqasida limon parvarishlash bilan shug‘ullanib, ishsizlikni kamaytirishga hissa qo‘shmoqda. Tojik mahallasi bu borada eng oldi safda. Ya’ni, mingdan ortiq xonadonning 37 gektar yerida issiqxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Limonchilik mahallaning asosiy iqtisodiy drayveriga aylanib, ko‘chatchilik, ichki bozor va eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish faol rivojlanmoqda.
Mahalla tadbirkorlaridan biri Kozimxon Turobov 35 sotix maydondagi issiqxonasida limon ko‘chatlari parvarishlab, banan va ananasni mahalliylashtirish bo‘yicha tajriba o‘tkazmoqda. U mahallada limonchilik kooperatsiyasini tashkil etgan, 420 xonadonga ko‘chat yetkazib berish va hosilni sotib olishni ham zimmasiga olgan.
[gallery-25873]
Katta qashqar mahallasida ham limonchilik faoliyati kengaymoqda. Mahalladagi 1367 ta xonadonning 900 ga yaqinida limon yetishtiriladi, yiliga 800 tonna hosil olinib, uning 700 tonnasi eksportga yo‘naltiriladi.
O‘tgan yili tumanda 1 million AQSH dollaridan ziyod limon eksporti amalga oshirildi, bu yil esa 1,5-2 million dollarlik ko‘rsatkichga erishish ko‘zlanmoqda.
Muqimjon QODIROV (suratlar), O‘zA