English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uchinchi Yevroosiyo ayollar forumi
11:29 / 2021-10-14

2021 yil 13-15 oktyabr kunlari Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Federatsiya Kengashi va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning Parlamentlararo Assambleyasi Sankt -Peterburg shahrida uchinchi Yevroosiyo ayollar forumini o‘tkazmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi telegram kanali ma’lum qilmoqda.

Forumda 105 mamlakatdan 327 ishtirokchi qatnashmoqda.

Forumda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva ma’ruza qildi. Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin, mahalla va oilani qo‘llab -quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Marufova, O‘zbekiston rus madaniyati markazi faollari va boshqalar ishtirok etdi.

Tabiiyki, mazkur nufuzli forumda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda xotin-qizlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, muammolarini o‘z vaqtida hal etish, "Temir daftar", "Ayollar daftari","Yoshlar daftalari" kabi ijtimoiy loyihalar va ular berayotgan natijalar,oliy o‘quv yurtlariga kirishda kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar qizlari uchun yaratilgan imkoniyatlar, yoshlarga qaratilayotgan mehr va amaliy e’tibor, gender tenglikni ta’minlash masalalari, bu borada yechimini kutayotgan dolzarb rejalar xususida batafsil ma’lumot berildi. Shu bilan birga Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi va boshqa ayollarga oid tuzilmalar faoliyati, "mahallabay", "xonadonbay" ishlashning amaliy natijalari ko‘p jihatdan ibratli tajriba ekani e’tirof etildi. Ayni paytda O‘zbekistonda bu yo‘nalishdagi amaliy ishlar xorijlik qatnashchilarda katta taassurot uyg‘otdi.

2015 yildan buyon muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan forum – sayyoramizning barcha qit’alaridagi ayol rahbarlarni zamonaviy dunyoda ayollarning rolini muhokama qilish va global muammolarni hal qilishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun birlashtirgan eng yirik xalqaro platforma hisoblanadi.

N.Usmonova,

O‘zA