Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uchinchi sektor o‘z zimmasidagi vazifalarni qay darajada bajaryapti?
16:04 / 2025-09-26

Bugungi kunda O‘zbekistonda 30 mingga yaqin fuqarolik jamiyati institutlari faoliyat yuritib kelmoqda. Ularning taraqqiyotimizdagi, islohotlar jarayonidagi ishtiroki kengaymoqda. Davlat organlari bilan birgalikda nodavlat notijorat tashkilotlari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklanmoqda.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatini yanada rivojlantirish, O‘zbekistonni fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha xabga aylantirish belgilandi. Shuningdek, yangilangan Konstitutsiyamizda ham mazkur institutga alohida bob ajratilib, konstitutsiyaviy maqom berildi.

Xo‘sh, uchinchi sektor maqomini olgan fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlari o‘z zimmasidagi vazifalarni qay darajada bajaryapti? Bu borada Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi direktori Azamat Pardayev o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– Mamlakatimiz taraqqiyotida fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni ortib bormoqda. Ular yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda, strategik maqsadlarga erishish jarayonida davlat idoralari va tashkilotlariga chinakam ko‘makdosh bo‘lishyapti. Jamiyat va davlat o‘rtasida ijtimoiy ko‘prik vazifasini bajarmoqda. Shu bois ham ularning faoliyatini rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlashga ustuvor ahamiyat qaratib kelinmoqda.   

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda global jamiyatda rivojlanish tezlashib ketdi. Internet makonida yoshlar faol ishtirok etmoqda. Mana shunday jarayonda yangi zamonaviy chaqiriqlar, vayronkor g‘oyalarning kirib kelishi mumkinligini inobatga olib, yoshlarning ma’naviy immunitetini oshirish dolzarb ahamiyatga ega. Bunda esa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari yelkadosh bo‘lishi kerak.  

Fuqarolik jamiyati institutlari uchinchi sektor sifatida o‘z zimmasidagi vazifalarni amalga oshirishga jiddiy e’tibor qaratib keladi. Jumladan, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat Fondi faoliyatiga e’tibor qaratsak, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati institutlarining dastur va loyihalarini davlat granti, ijtimoiy buyurtma va subsidiya shaklida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga xizmat qilmoqda. Ushbu loyihalar asosida joylarda o‘z yechimini kutayotgan, aholini qiynab kelayotgan ko‘plab masalalarga, muammolarga yechim topilyapti.  

Bunda, albatta, NNTlarning tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ular aholi bilan yonma-yon bo‘lib, hududlarni obodonlashtirish, suv chiqarish, ko‘chalarga yoritkichlar o‘rnatish, bolalar uchun o‘yingohlar tashkil etish, vorkaut markazlarini barpo etish kabi ishlarga ko‘mak berishyapti.  

Demak, fuqarolik jamiyati institutlari bugun rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilmoqda, ularning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rni, ishtiroki kengaymoqda.  

Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA