O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Xalq ta’limi, Innovatsion rivojlanish, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tomonidan oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalarida ilmiy izlanish olib borayotgan yosh manbashunos olimlar, tadqiqotchi va magistrlar o‘rtasida “Uchinchi Renessans – yoshlar nigohida” tanlovini o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma qaror qabul qilingan edi.
Xo‘sh, ushbu tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad nima? Birinchidan, Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish choa-tadbirlari to‘g‘risida” gi hamda 2021 yil 16 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash nazarda tutilgan.
Ikkinchidan va asosiysi mamlakatimiz rahbarining O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish – Uchinchi Renessans davriga oid fikrlarining mazmun-mohiyatini keng o‘rganish hamda targ‘ib etish orqali yoshlarni jamiyatda olib borayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlardagi faolligi, intellektual salohiyatini rivojlantirish, ilmiy tadqiqot ishlarini faollashtirish, ularning mafkuraviy immunitetini mustahkamlashdan iborat.
Bundan tashqari, tanlov doirasida beshta muhim tashabbusni keng targ‘ib qilish va unga yoshlar qamrovini yanada oshirish, yoshlar o‘rtasida axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni o‘zlashtirishning zamonaviy mexanizmini joriy etish, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, shunday illatlarga qarshi kurashishning samarali yo‘llari haqida bosh qotirish tanlovning qo‘shimcha maqsad va vazifalarini tashkil qiladi.
Men Jizzax davlat pedagogika instituti magistri sifatida ushbu tanlovda ishtirok etib, yoshlarni ilm-fanga qiziqtirishning noan’anaviy usullari bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarimni bayon etishga harakat qildim.
Magistraturada tahsil olish bilan bir vaqtda Jizzax shahridagi 19-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ingliz tilidan dars beraman. Ta’lim muassasamizda o‘quvchilar aralash, ya’ni o‘zbek va rus sinflarida saboq oladi. Jizzax viloyati “Umid” iqtidorli bolalar umumta’lim maktabining boshlang‘ich, hozirda o‘zim mehnat qilayotgan 19-sonli umumta’lim maktabi yuqori rus sinflarida, “Sayiljoyi” akademik litseyining va bakalavrlik bo‘yicha tamomlagan Jizzax davlat pedagogika instituti ingliz tili fakkultetining ham rus guruhida tahsil olganim sababli, magistraturada tahsil olishim barobarida o‘zim faoliyat yuritayotgan qadrdon maktabimda ham rus tilida saboq olayotgan sinf o‘quvchilariga ingliz tilidan dars beraman.
To‘g‘ri, darslar biz tahsil olgan davrdagi dasturga nisbatan zamonaviy, yangicha uslublar asosida olib borilmoqda. Barcha hamkasblarim qatori men ham ana shu yangilangan dastur asosida o‘quvchilarga saboq beraman. Lekin har bir o‘qituvchi uchun darsga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida darslikdan, dars mazmun-mohiyatini o‘quvchiga mukammal yetkazish maqsadida qo‘shimcha adabiyotlardan hamda yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilgan holda erkin foydalanish uchun katta imkoniyatlar berildi. Zero bu harakat o‘quvchi bilim olishida faqat foydali va uning bilimini yanada mustahkalaydi, degan fikrdaman.
O‘zim ingliz tilidan saboq berayotgan 7-sinf o‘quvchilariga dars davomida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni ingliz tilida ijro etishni rejalashtirdim. Bu fikrimni maktabimiz ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Oydin Mo‘minovaga aytdim. U kishi bundan ko‘zlangan maqsadim bilan qiziqdi.
Ushbu 5 ta muhim tashabbus orqali Uchinchi Renessans davriga oid fikrlar mazmun-mohiyatini targ‘ib etish orqali o‘quvchilarni ingiliz tili darsi jarayonidagi faolligi, intellektual salohiyatini rivojlantirish, mafkuraviy immunitetini mustahkamlashdan va asosiysi, ana shu 5 ta tashabbus timsolida o‘z qiziqishlarini jahon tillaridan biri bo‘lgan ingliz tilida nafqat ifodalab berish, balki amalda namoyon etishdan iborat ekanligini aytdim.
Oydin Mo‘minova, menga har tomonlama yordam berishga tayyorligini va qo‘llab-quvvatlashini, faqat bu jarayonni avval darsdan tashqari, ya’ni to‘garakda sinab ko‘rishimiz lozimligini aytdi.
Tan olish lozim, ushbu g‘oyani amalga tatbiq etish men o‘ylaganchalik oson kechmadi. Ayniqsa, o‘quvchilarim 5 ta tashabbusning biror biriga tayyorgarlikni boshlaganimizda, o‘zligini musiqada namoyon etmoqchi bo‘lgan o‘quvchining fikri o‘zgarib, kompyuterda, sport yoki rassomchilikda namoyon etishni istab qolardi. Bu tayyorgarlikni qaytadan, boshidan boshlashni taqazo etdi.
Shunda, magistraturadagi ilmiy rahbarim, falsafa fanlari doktori, ustoz Sarvar Nazarqosimovdan maslahat so‘radim. Ustoz menga, bu yoshda bolalar o‘z fikrlarini tez-tez o‘zgarib turishi tabiiy hol ekanini, avvalo, har bir o‘quvchini qaysi yo‘nalishda boshqasiga qaraganda iqtidori yuqoriroq ekanligini aniqlab olishim va uni bu borada boshqa yo‘nalishlarga qarganda o‘zligini namoyon etish salohiyati kuchliroq ekaniga ishontara bilishim lozimligini, ana shunda hammasi o‘z o‘rniga tushishini aytdi.
Darhaqiqat, ustozni o‘gitlariga amal qilganimdan so‘ng, ishlarimiz yurishib, tezlashib, bolalar ham mashg‘ulotda ishtiyoq bilan juda faol ishtirok etdi. Mazkur darsda ishtirok etgan o‘quvchilarni 5 ta guruhga bo‘ldim. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning har biri (qisqartirilgan variantda) bo‘yicha o‘quvchilar o‘z iqtidorini namoyish etdi. Musiqa va san’at yo‘nalishida milliy cholg‘u asboblari – rubob, dutor va doirada kuy ijro etib uni qisqacha mazmuni va shu cholg‘u asbobi haqida inglizcha izoh bergan bo‘lsa, boshqalari ingliz tilida ashula ijro etdi, shu sinf o‘quvchilari orasidan saralab olingan yosh rassomlar o‘zlari chizgan suratlarini, kitobxonlik borasida so‘ngi o‘qigan asarlarini, shug‘ullanadigan sport turlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlarini, kompyuter borasidagi savodxonligini va kashtachi, tikuvchilikka qiziquvchi qizlar o‘zlari to‘qigan, tikkan mahsulotlarini ingliz tilida sharhlab, u bilan qachondan buyon shug‘ullanishini gapirib berdi.
Uchinchi Renessansning – 5 ta muhim tashabbus orqali ingliz tilida o‘quvchilarim bilan birgalikdagi namoyishimizga ustozlar yuqori baho berdi. Bunda avvalo zamonamiz qahramonlarini hozircha sinf sahnasiga olib chiqishni niyat qilgandim. Zero, shogirdlarim 5 ta muhim tashabbus bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyish etibgina qolmay, uni amalda va ingliz tilida sharhlab ham berdi.
Mening fikrimcha, Uchinchi Renessans poydevorini Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusdan yaratmoq lozim.
Mohinur KARIMOVA,
Jizzax davdat pedagogika instituti
Ta’lim muassasalari boshqaruvi
yo‘nalishi 1-bosqich magistranti