“Yangi O‘zbekiston - Yangi dunyoqarash” shiori ostida madaniy va ma’rifiy targ‘ibot tadbiri Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabida ham turli soha vakillari ishtirokida yangicha shukuh ila o‘tkazildi.
“Beshta muhim tashabbus” bo‘yicha to‘garak a’zolari o‘zlarining she’rxonlik chiqishlari, san’atkorlik mahorati va sport bo‘yicha o‘z iste’dodlarini ham yig‘ilganlarga namoyish etishdi.
Maktabning darslardan keyin hunarmandchilik sirlarini o‘rganayotgan o‘quvchilari o‘zlarining nafis did va katta mas’uliyat bilan tayyorlashgan o‘z ijodiy namunalarini namoyish qilishdi.
Sportchi o‘quvchi yigitlar va gimnastikachi qizlarning jo‘shqin chiqishlari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbirda Sariosiyo tumani Xalq qabulxonasi mudiri Oydin Jo‘rabekova so‘zga chiqib, Yurtboshimizning bu yangi tashabbusi xalqimizning barcha qatlamlariga ko‘tarinkilik bag‘ishlayotgani, xayrli va ezgu o‘zgarishlar mohiyatini tushuntirishda yaxshi platforma bo‘layotganini ta’kidladi.
O‘qituvchi sifatida ishlayotganimga hali bir yil ham bo‘lmagan, talabalikda poytaxt havosidan havolanib yurgan yosh pedagog sifatida shuni chuqur his qildimki, maktablar ham, mahallalardagi aholi ham pandemiya davrida o‘zaro muloqotlarni nihoyatda sog‘ingani ayon bo‘lmoqda. Men oldimizga ulug‘vor maqsad qilib qo‘ygan Uchinchi Renessansga butun xalqimizning ma’naviy dunyosini uyg‘otib erishish mumkin, deb uylayman va bu kabi ko‘lamdor tadbirlar natijalari albatta xayrli bo‘lishiga o‘z tajribamdan ishonch hosil qilayapman.
Targ‘ibotchilar yurtimiz va butun dunyoda bo‘layotgan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarni, mafkuraviy kurashlar va globallashuvning ko‘p tomonlama ta’sirini, kechayotgan ijtimoiy voqiylikka har birimizning ogohlik va munosabatdorlik ila yondashishimiz ahamiyati haqida batafsil tushuntirib berishdi.
Murakkab pandemiya davrida temir daftarga kiritilgan yuzdan ortiq aholiga karantin davomida uzluksiz yordam ko‘rsatishda ko‘rsatgan yordami uchun Ekologiya partiyasining Sariosiyo tuman kengashi deputati Nargiza Chorshanbiyevaga aholi orasidan so‘zga chiqqanlar samimiy minnatdorlik bildirdilar.
Nargiza Rahmonova