English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uchinchi renessans yaratuvchilariga Mirzo Ulug‘bekning boy merosi o‘ziga xos maktab sanaladi
09:43 / 2024-10-10

Prezident qarorlari – amalda

Bu voqeaga bir yil bo‘ldi. Rasmiy tashrif dasturiga ko‘ra, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Samarqand shahrining qadimiy obidalari bilan tanishadigan bo‘ldi.

Tartibga binoan biz, jurnalistlar ob’ektga – Mirzo Ulug‘bek rasadxonasiga biroz oldin bordik. Kasbimiz shu – odamlarni, jarayonni kuzataman. Bu dargohga kelgan mahalliy va xorijiy sayyohlar hayratini yashirmaydi.

Shogirdlari bilan aylanib yurgan o‘qituvchiga e’tibor qilaman.

– Mirzo Ulug‘bek ilm davrasiga kirganida sultonligini unutar edi, – deydi u hayajon bilan. – Gardanida ulkan bir mamlakat taqdiriga daxldor vazifalar tursa-da, vaqt topib talabalarga ma’ruza o‘qigan. Uning hukmronligi davrida yurtda ko‘plab madrasa, maktab, kutubxona, karvonsaroy, ko‘prik hamda so‘lim bog‘lar barpo etildi. Natijada ilm-fan, madaniyat, iqtisod rivojlandi. 

Ustozning so‘zlari tugamay o‘quvchilar uni boshqa savollarga ko‘mib tashladi. Ulug‘larimiz qilgan ishlardan qalb g‘ururga to‘ladi.

Shu kunlarda yurtimizda buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligi keng nishonlanmoqda. Samarqand shahrida “Mirzo Ulug‘bek: buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi” mavzusidagi xalqaro konferensiya ish boshlaydi.

Bu kabi tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 sentyabrda qabul qilingan “Buyuk qomusiy olim va mashhur davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida bo‘lmoqda.

Mirzo Ulug‘bek boy ilmiy-ma’rifiy merosi hamda mislsiz bunyodkorlik faoliyati bilan yurtimiz taraqqiyoti, jahon sivilizatsiyasi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulkan tarixiy siymo sanaladi. U sohibqiron Amir Temurning suyukli nabiralaridan biri bo‘lgan. Astronom olim va hukmdor sifatida mamlakatda ilm-fan, madaniyat rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. O‘rta asrlardayoq noyob rasadxona bunyod etib, osmon jismlarini juda aniq o‘rgangan. Uning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari dunyo astronomiyasida muhim qo‘llanma hisoblanadi.

– Qarorda ko‘p jihatlar qamrab olingan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov. – Bevosita Fanlar akademiyasiga bir qator vazifalar yuklatilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda allomaning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarini o‘zbek, rus va ingliz tillarida, “To‘rt ulus tarixi” nomli tarixiy asarining o‘zbek tiliga tarjimasi qayta nashr qilinish ko‘rsatilgan. Ta’lim dargohlarida bu kitoblarning taqdimoti o‘tkaziladi. Qaror Yangi O‘zbekiston yoshlarining tarbiyasiga, ilm ravnaqiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.  

Qarorga ko‘ra, mamlakatimizdagi Mirzo Ulug‘bek nomi bilan bog‘liq ob’ektlarni, uning sharafiga barpo etilgan yodgorlik majmualarini mukammal ta’mirlash va hududlarini obodonlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, alloma ilmiy-ijodiy merosiga mansub qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklarni restavratsiya qilish, ularni ishonchli saqlash uchun zarur sharoit yaratishga yanada ko‘proq urg‘u berildi.

– Prezident qarorining e’lon qilishi, hech mubolag‘asiz, xalqimiz uchun katta xursandchilik bo‘ldi, – deydi professor Abror Xidirov. – Chunki bu hujjat Mirzo Ulug‘bek va u bilan bog‘liq tarixni yanada chuqur o‘rganishga xizmat qiladi. Ko‘hna Sharq qanchadan-qancha daholar beshigi sanaladi. Ular o‘z davriga sig‘ib-sig‘may yashagan, kashfiyotlari bilan katta burilishlar qilgan. Olimlar temuriylar sulolasi ichida ko‘plab fan, san’at va adabiyot namoyandalari yetishib chiqqani haqida ma’lumotlar keltiradi. Ular orasida Ulug‘bekning alohida o‘rni bor. O‘sha ajdodlarimizdan qolgan, o‘rganilishini kutib turgan qanchadan-qancha ilmiy boyliklar bor. Bu qaror tarixni, ulug‘lar yo‘lini tadqiq qilishda yangi qadamlarni tashlashimizga xizmat qiladi.

Darhaqiqat, Mirzo Ulug‘bekning boy merosini o‘rganish maqsadida xalqaro miqyosda keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini e’lon qilish, shu mavzuda ilmiy, badiiy-publitsistik asarlar yaratish, xorijiy olimlarning asarlarini o‘zbek tilida nashr qilish masalasi qarorga alohida band sifatida kiritilgan.

...Yana o‘sha Ulug‘bek rasadxonasidamiz. Fransiya rasmiy delegatsiyasi Mirzo Ulug‘bek davriga oid ashyolar, kitoblar, qo‘lyozmalar, asl nusxadagi kvadrant asbobini ko‘zdan kechirdi. Samarqand tarixi ularda katta taassurot qoldirdi.

Tashrifdan so‘ng yevropalik hamkasblar bilan suhbatlashar ekanmiz, ular hayratini yashirmadi.

– Samarqand ko‘chalarini, tarixiy obidalarni hayajonsiz tomosha qilib bo‘lmas ekan, – deydi jurnalist Fransua Giar. – Bugun Ulug‘bekning naqadar buyuk shaxsligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Fransuz astronomi Jozef Nikola Delil ham faoliyati davomida bobokaloningizning asarlarini o‘rgangan. Ularni Yevropa tillariga tarjima qilishga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, 1725 yillar “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarini lotin tiliga ham tarjima qildirgan. Bu bilan nima demoqchiman, yurtingiz podsholari, olimlari dunyo taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan. Ushbu merosni asrayotganingiz,  jahonga tarannum etayotganingiz havas qilarli ish.

Darhaqiqat, xalqimizda buyuk allomalar merosini asrash, tarixni o‘rganish va ulardan kuch olib kelajakka intilish milliy qadriyatga aylangan.

Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri