Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uchinchi Renessans va oldingi tarixiy davrlar o‘rtasidagi ramziy ko‘prik
12:32 / 2022-08-26

Tinchlik, ahillik va birdamlik barqaror bo‘lgan yurtga baraka yog‘ilishi rost ekan. E’tibor beraylik, yurtimizda har kuni bir emas, bir nechta quvonchli voqealar, yaxshi xabarlar tarqalyapti. Ularni eshitib, ko‘rib, guvohi bo‘lib, har bir vatandoshimizning ko‘ngliga ezgulik, fayz kirayapti.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Samarqandda “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazining ochilish marosimidagi nutqini tinglar ekanman, ulkan majmuadagi mahobatli va muhtasham muhit, yon-atrofimdagi insonlarning yuz-ko‘zida balqib turgan faxr-iftixor hissi, to‘g‘risi, qalbimni to‘lqinlantirdi. 
 
Davlatimiz rahbari ushbu ulkan markaz buyuk ajdodlarimiz bunyod etgan muhtasham me’moriy obidalarga munosib bo‘lib, ularning tarixiy an’analarini davom ettirishi, mamlakatimizda hozirgi paytda poydevori qurilishi boshlangan Uchinchi Renessans va oldingi tarixiy davrlar o‘rtasidagi ramziy ko‘prik bo‘lishiga ishonishini alohida ta’kidladilar. Mana shu niyat majmuaning mazmuni, ahamiyati qanchalik muhimligini ifodalab, hammamizga tushuntirib turibdi. 
 
Ko‘rkam majmuaga “Buyuk ipak yo‘li” deb nom berilgani uning xalqaro ahamiyati ham katta ekanini izohlamoqda. Ma’lumki, qadimdan Buyuk ipak yo‘li mamlakatlar va xalqlarni hamkorlikka chorlagan, ulkan sivilizatsiyalar o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajargan. Vatanimizning yangi taraqqiyot davrida “Buyuk ipak yo‘li” madaniyat, do‘stlik va hamkorlik yo‘li sifatida qayta tiklanayotganining amaliy timsoliga aylanadi. 
 
Endi bu majmua yo‘l bo‘lib, O‘zbekistonni dunyo bilan, dunyoni Yangi O‘zbekiston bilan bog‘laydi. Turizm bilan birga yurtimizga zamonaviy ilm-fan yutuqlari, yuqori texnologiyalar, investitsiyalar, ilg‘or g‘oyalar, ijtimoiy-demokratik qadriyatlar kirib kelishi uchun sharoit yaratiladi. 
 
Yana bir muhim jihati shundaki, sayyohlar to‘g‘ri kelgan mamlakatga emas, dunyoga ochiq, nafaqat tarixi, balki yorqin kelajakka ishonch bilan intilayotgan, insonlar qadrlanadigan mamlakatga boradi. Shu ma’noda O‘zbekiston buyuk tarixi bor va albatta zamonaviy taraqqiyot sari strategik maqsadlar bilan olg‘a dadil odimlayotgan jozibali mamlakatga aylanib bormoqda. Keyingi yillarda sayyohlar oqimi bir necha barobar oshgani buning tasdig‘idir. Yaqin yillarda O‘zbekistonimizga talpinuvchilar yanada ko‘payishiga yangi muhtasham majmua munosib hozirlik bo‘ldi. 
 
Turizm rivojlanishi xizmat ko‘rsatish sifati oshishiga, barqaror ish o‘rinlari yaratilishiga, infratuzilma yaxshilanishiga, shu bilan birga, ijtimoiy birdamlik muhiti mustahkamlanishiga ham mustahkam asos bo‘ladi. Sohada mehnat qilayotganlar soni 500 mingdan oshishi bu sohani rivojlantirishning ijtimoiy ahamiyati ham qanchalik muhim ekanini ko‘rsatmoqda. Kadrlar tayyorlash masalasiga chuqur e’tibor qaratilayotgani turizmning kelajakda yanada muhim tarmoqqa aylanishiga kafolat bo‘ladi. 
 
Yurtimizdagi ota-bobolarimiz qurdirgan tarixiy obidalar, rang-barang majmualar bilan qanchalik faxrlansak, aminmanki, nafaqat bugungi, balki kelgusi avlodlar Prezidentimiz g‘oyalari bilan bunyod etilayotgan “Buyuk ipak yo‘li” kabi muhtasham majmualardan shunchalik faxrlanadi. 


 
Ulug‘bek INOYATOV, 
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 
Spikerining o‘rinbosari, 
O‘zXDP fraksiyasi rahbari
O‘zA