Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti Pokiston nigohida
15:18 / 2026-01-31

Toshkent shahrida “Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti Pokiston nigohida” mavzuida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbir Respublika Ma’naviyat ma’rifat markazi hamda Barqaror rivojlanish markazi hamkorligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston parlamenti a’zolari, siyosatshunos va olimlar, pokistonlik jamoat arboblari va tahlilchilar ishtirok etdi. 

Tadbirni o‘tkazishdan maqsad – O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarining siyosiy, huquqiy, savdo-iqtisodiy va transport-logistika sohalari bilan bir qatorda madaniy-gumanitar, ayniqsa, turizm yo‘nalishlarida ham izchil va faol rivojlanib borayotganini keng jamoatchilikka yetkazishdir. 

Davra suhbati, shuningdek, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida qaror topgan o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan munosabatlar ahamiyatini tahlil etishga xizmat qildi. 

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharifning pokistonlik yozuvchi Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: “Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” asariga yozgan so‘zboshisida “Qadrdon do‘stim, Janobi Oliylari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish tashabbusi – o‘zbek xalqining buyuk ajdodlari ma’naviy merosiga tayanadigan bu ulug‘vor g‘oya butun bashariyatning farovon kelajagiga xizmat qilishi shubhasizdir” – deb ko‘rsatib o‘tgani, ayniqsa, diqqatga sazovordir. 

Davra suhbati davomida pokistonlik jamoat arboblari Shavkat Mirziyoyevning Uchinchi Renessans g‘oyasi, ta’lim-tarbiya, madaniyat-ma’rifat va ilm-fan rivojiga qaratilayotgan ulkan e’tibori zamirida naqadar kuchli falsafa va o‘zbek xalqining azaliy qadriyatlari yotganini qayd etib o‘tdi. 

Pokiston mamlakatimizning davr sinovlaridan o‘tgan yaqin hamkorlaridan biri hisoblanadi. Xalqlarimizni mushtarak tarix va madaniyat, muqaddas islom dini, o‘xshash urf-odat va qadriyatlar o‘zaro bog‘lab turadi. Xususan, buyuk temuriylar – boburiylar sulolasining betakror madaniy merosi har ikki mamlakat uchun aziz va qadrlidir. 

Yig‘ilish davomida Yangi O‘zbekiston fenomeni, uning siyosiy falsafasi, maqsad va vazifalari, erishilgan natija va yutuqlar haqida pokistonlik ekspert va diplomatlar munosabatlarini bildirdi. 

Jumladan, “O‘zbekiston: “Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” asari muallifi davra suhbati davomida quyidagilarni qayd etdi: 

– Asarimning bosh qahramoni – janob Shavkat Mirziyoyev. Zamonamizning ushbu buyuk davlat arbobi o‘z vatanida hurriyat mash’alasini yoqqan, buyuk va qudratli davlatni barpo etgan, kelajak avlodlarga munosib yo‘l ko‘rsatgan, xalqining milliy o‘zligini anglash va doimo xalq xizmatida bo‘lib uni taraqqiyot sari yetaklagan siyosatchilar qatorida turadi, – dedi yozuvchi. 

Muhtaram janob Shavkat Mirziyoyevning “har bir lahzani – imkoniyatga, imkoniyatni – yutuqqa, yutuqni esa – taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq – buyuk xalqdir”, degan kelajak formulasida davrning jonli nafasi, istiqbolga intilayotgan millat ruhi namoyondir. 

Shuningdek, xalqaro davra suhbati mobaynida pokistonlik yozuvchi Muhammad Abbos Xon tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston: “Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” asarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida joylarda tadbirlar tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi. 

Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA