Munosabat
Renessans qisqa davrda yuksalish degani emas. Bu avlodlar tafakkuri, davlat siyosati va jamiyat ruhiyati uyg‘unlashgan uzluksiz jarayondir. Bugun O‘zbekiston aynan shunday tarixiy bosqichda turibdi.
Utmishdan meros bo‘lgan ma’naviy tajriba zamonaviy taraqqiyot g‘oyalari bilan qo‘shilib, yangi mazmun kasb etmoqda. Bu holatni faqat ichki kuzatuv emas, balki xalqaro ekspertlar bahosi ham tasdiqlamoqda.
Pokistonlik jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans — taraqqiyot konsepti” nomli asari ana shu tashqi nigohning yorqin namunasidir. Muallif ushbu atamani balandparvoz shior sifatida emas, balki bugungi islohotlarning mazmuni va yo‘nalishini ifodalovchi aniq konsepsiya sifatida qo‘llaydi.

Uning fikricha, O‘zbekiston faqat an’analarni asrab qolish bilan cheklanmay, ilm-fan, ma’rifat va innovatsiyaga tayangan holda yangi sivilizatsion bosqichga qadam qo‘ymoqda.
Asarda muallif so‘nggi yillarda mamlakatda kechayotgan o‘zgarishlarni izchil tahlil qiladi. Islohotlar faqat iqtisodiy yoki siyosiy sohalar bilan cheklanib qolmayotgani, balki jamiyat tafakkurida ham tub burilish yasayotgani alohida ta’kidlanadi. Ochiqlik siyosati, fuqarolar faolligining oshishi, ilm va ta’limga bo‘lgan munosabatning yangilanishi Uchinchi Renessans g‘oyasining amaliy ifodasi sifatida talqin etiladi.
Muhammad Abbos Xon O‘zbekistonni o‘tmish merosi va zamonaviy innovatsiyalarni uyg‘unlashtira olgan davlat sifatida ko‘radi. Bu yondashuv xalqaro jamoatchilik orasida ham keng qo‘llab-quvvatlanayotgani, mamlakatning nufuzi va ishonch darajasi ortib borayotgani bilan tasdiqlanmoqda.
Kitobda alohida e’tibor qaratilgan yo‘nalishlardan biri O‘zbekistonning tashqi siyosati va diplomatik faoliyatidir. Muallif fikricha, Uchinchi Renessans g‘oyasi mamlakatning faol, ochiq va pragmatik diplomatiyasida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Avvalo, qo‘shni davlatlar bilan do‘stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash, o‘zaro ishonch va qo‘llab-quvvatlashni ustuvor etish bu siyosatning asosiy tamoyiliga aylangan.
Bu yondashuv deklarativ bayonotlar bilan cheklanib qolmayapti. Chegaralarni demarkatsiya qilish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, transport va logistika yo‘laklarini kengaytirish, gumanitar hamkorlikni kuchaytirish kabi amaliy qadamlar mintaqada barqarorlik va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlamoqda.
So‘nggi yillarda xalqaro siyosiy lug‘atga kirib kelgan “Markaziy Osiyo ruhi” atamasi mazkur jarayonlarning mantiqiy natijasi sifatida namoyon bo‘ldi. Bu tushuncha mintaqadagi davlatlarning yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va ishonch asosida muammolarni hal etishga qaratilgan yangi diplomatik madaniyatini ifodalaydi.
Muallif ta’kidlaganidek, ushbu “ruh” mamlakatlarni yaqinlashtirayotgan, hamjihatlik va birgalikda taraqqiyot g‘oyasini ustuvor qilayotgan muhim omilga aylandi. O‘zbekiston tashqi siyosatining markazida turgan mazkur tamoyillar mintaqaning uzoq muddatli barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Asarda O‘zbekiston rahbariyati ilgari surayotgan Buyuk Ipak yo‘lini qayta tiklash g‘oyasiga ham keng o‘rin berilgan. Muhammad Abbos Xon bu tashabbusni raqobat yoki geosiyosiy qarama-qarshilik emas, balki umumiy taraqqiyot va farovonlikka qaratilgan ochiq xalqaro hamkorlik platformasi sifatida baholaydi.
Tarixda Ipak yo‘li faqat savdo emas, balki madaniy almashuv, do‘stlik va taraqqiyot manbai bo‘lgan. Bugun esa ushbu tarixiy tajriba zamonaviy iqtisodiy va texnologik ehtiyojlar bilan uyg‘unlashib, Yevroosiyo makonida o‘zaro bog‘liqlikning yangi modelini shakllantirmoqda.
Muallif asarda ramziy, ammo juda ta’sirli qiyosni keltiradi. Kelajak devor qurganlarniki emas, balki eshiklarini ochganlarnikidir deyiladi. Uning fikricha, O‘zbekiston olib borayotgan ochiq, tinchliksevar va hamkorlikka asoslangan tashqi siyosat aynan shu universal haqiqatka tayanadi.
Muhammad Abbos Xonning asari O‘zbekistonda kechayotgan jarayonlarga badiiy emas, balki konseptual va tahliliy nigoh bilan qarash imkonini beradi.
Asar o‘quvchini faqat bir mamlakat tajribasi bilan tanishtirib qolmay, asrimizning global dunyosida barqaror rivojlanishning umumiy qonuniyatlari haqida ham chuqur mulohaza yuritishga undaydi. Shu jihati bilan u nafaqat tahlil, balki fikrlashga chorlovchi manba sifatida ham ahamiyatlidir.
Gulhayo BARNOEVA,
Barqaror rivojlanish markazi eksperti.
O‘zA