Bugungi kunda yurtimizdagi ziyolilar, ma’rifatparvarlar jamiyatning ma’naviy mayog‘i, taraqqiyot yetakchisi sanaladi.
Ayniqsa, hozirgi O‘zbekiston tarixiy imkoniyatlar ostonasida turibdi — bu Uchinchi Renessans deb ataladigan yangi uyg‘onish davridir. Bu shunchaki balandparvoz gap emas, balki aniq maqsad va g‘oyalarga asoslangan, mamlakatimizni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan yo‘ldir.
O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan ilgari surilayotgan bu konsepsiyaning markazida — ma’rifat, ta’lim, fan va inson kapitali turibdi. Shu bois, bugungi kunda jamiyatdagi ziyolilar, olimlar va mutafakkirlarning o‘rni beqiyosdir.
Tarixdan ma’lumki, ikkita buyuk Sharq Renessansi ham aynan bizga yaqin hududlarda — Markaziy Osiyo zaminida yuzaga kelgan. Ularning avangardida esa faqat bitta kuch — ma’rifat ahli turgan.
Shunday bir davr kelganki, bugungi ziyoli insonlar o‘z so‘zi, pozitsiyasi va harakati orqali jamiyatning kelajagini belgilab berishi mumkin. Ular hamon jamiyatning intellektual dvigateli, axloqiy o‘lchovi, madaniy rivojlanish yetakchilari bo‘lib qolmoqda.
Bu jarayonda “passionarlik” tushunchasi katta ahamiyatga ega. Oddiy qilib aytganda, passionarlik — ulkan maqsadlar sari intilish, o‘zgarishlarga bo‘lgan qo‘rqmas ishtiyoq, jamiyatni olg‘a yetaklashga bo‘lgan ruhiy kuchdir.
Tarixda bunday shaxslar ko‘p bo‘lgan: Amir Temur, Navoiy, Firdavsiy, Qoshg‘ariy, Che Gevara, Janna d'Ark... Ular hayotlarini xalqqa, ilmga, adolatga bag‘ishlab, dunyoni o‘zgartirganlar.
Shunday passionar kuch bugun ham bor. U – bizning zamonaviy ziyolilarimizdir. Ular faqat dars beruvchi ustozlar yoki maqola yozuvchi mutaxassislar emas. Ular jamiyatni shakllantiradigan, uning axloqiy yo‘nalishini belgilaydigan, yoshlarga ilhom bag‘ishlaydigan nur taratuvchilardir.
Uchinchi Renessansga yetib borish uchun bizga yanada ko‘proq ma’rifat, bilim, fidoyilik kerak. Bu vazifani esa, avvalambor, ziyolilar zimmasiga tushadi. Ular jamiyatdagi o‘z o‘rnini bilishi, mas’uliyatini his qilishi va milliy maqsadlar sari xalqni boshlab borishi kerak.
Chunki har qanday taraqqiyot birinchi navbatda ma’naviyat, tafakkur va bilim bilan boshlanadi.
Mohira Xalikova,
Falsafa fanlari doktori, dotsent