Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uchinchi renessans – ma’rifatli jamiyat sari!
12:46 / 2022-08-25

Prezidentimizning 2022 yil 1 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimiz hududlarida “Yangi O‘zbekiston — inson qadri ulug‘langan yurt!” shiori ostida adabiy-ma’rifiy va konsert dasturlari hamda Ma’naviyat festivallari o‘tkazilmoqda.

Mazkur festival doirasida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” degan ezgu g‘oya asosida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan “Uchinchi renessans – ma’rifatli jamiyat sari!” mavzusida respublika konferensiyasi tashkil etildi. 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek” jamg‘armasi raisi, akademik Oqil Umrzoqov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori Azamat Ziyo, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova va boshqalar ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi keng qamrovli sa’y-harakatlar xususida so‘z yuritdi. 

Mazkur konferensiya yurtimizda buyuk allomalarimiz, qomusiy bilim sohiblari va mutafakkirlarning ilmiy-ijodiy kashfiyotlari, umumbashariyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, Ikkinchi Sharq Uyg‘onish davri – “Temuriylar Renessansi”da ma’naviy-ma’rifiy siyosat natijasida bunyod etilgan ulug‘ saltanatning o‘rni va ahamiyati, ilm-fan va madaniyat ravnaqi yo‘lida yaratilgan imkoniyatlar, yurtimizda demokratik o‘zgarishlar, ma’naviy-ma’rifiy islohotlarning mohiyatini batafsil tahlil etish maqsadida tashkil qilindi. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, kundan-kun o‘zgarib borayotgan bugungi zamon ma’naviyat targ‘ibotchilaridan yanada katta mas’uliyat, izlanish asosida faoliyat yuritish zarurligini talab etayotganini ta’kidladilar. “Uchinchi renessans — ma’rifatli jamiyat sari!” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya to‘plami nashr etilgani, 100 dan ortiq maqolalar ushbu to‘plamdan joy olgani ta’kidlandi. 

Tadbir davomida “Yangi O‘zbekiston” mavzusidagi maqolalar tanlovining taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Tanlov Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosi hamda yurtimizda inson qadri va uning farovonligini yuksaltirish, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash, ma’naviy taraqqiyotni rivojlantirish, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash borasidagi izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.

Mazkur tanlovda 73 nafar ishtirokchidan 100 dan ortiq maqola kelib tushdi. Shuningdek, munosiblar taqdirlanishi uchun tanlov Nizomiga asosan komissiya tuzilgani, har bir maqola olimlar, jurnalistlar tomonidan diqqat bilan o‘rganilgani aytildi. Ikkita birinchi o‘rin sohibiga 6 million so‘mdan, ikkita ikkinchi o‘rin egasiga 4 million so‘mdan, ikkita uchinchi o‘ringa 2 million so‘mdan pul mukofoti hamda uchta rag‘batlantiruvchi o‘ringa ham sovg‘alar berildi. 

Konferensiya o‘z ishini sho‘’balarga bo‘lingan holda davom ettirdi.  

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, “Uchinchi renessans — ma’rifatli jamiyat sari!” mavzusidagi ushbu  respublika anjumani doirasida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga hamda “Adiblar xiyoboni”ga tashrif amalga oshirildi. Shuningdek, “Turkiston” saroyida “O‘zbekiston Qahramonlari” unvoniga ega bo‘lgan yurtdoshlarimiz ishtirokida “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobi taqdimoti, “Milliy qo‘shiqlar va maqom” konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.  

Bir qator oliy ta’lim muassasalarida ziyolilar, shoir-yozuvchilar ishtirokida uchrashuvlar,  Yangi hayot tumani “Tashabbus” MFYda “Mahallada duv-duv gap” va “Mehr-muruvvat va saxovat” loyihalari tashkil etildi.  
  
 

N.Usmonova, 
O‘zA muxbiri