English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uchinchi Renessans g‘oyasi – vaqt izmiga bo‘ysunmas abadiy g‘oya
19:09 / 2026-02-03

Yaqinda pokistonlik jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xonning “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” nomli kitobining o‘zbek tilidagi tarjimasi nashrdan chiqqan edi.

M.Abbos Xonning mazkur asarida jahon miqyosidagi davlat va siyosat arbobi – Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi nafaqat O‘zbekiston xalqi uchun, balki mintaqadagi boshqa davlatlar hamda global taraqqiyot uchun ham taraqqqiyot modeli sifatida talqin etilgan.

Ushbu asarga Pokiston Bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif quyidagi so‘z boshini yozgani diqqatga sazovor:

– Mazkur kitob qadrdon do‘stim, Janobi Oliylari Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan O‘zbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish tashabbusi g‘oyaviy konsepsiyasini chuqurroq anglashga yordam beradi. O‘zbek xalqining buyuk ajdodlari ma’naviy merosiga tayanadigan bu ulug‘vor g‘oya butun bashariyatning farovon kelajagiga xizmat qilishi shubhasiz.

2026 yil 30 yanvar kuni Toshkentda Pokistonning “Daily Ittyeihad” media-guruhi, Respublika Ma’naviyat-ma’rifat va Barqaror rivojlanish markazlari Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar ahamiyati to‘g‘risida fikr almashish maqsadida “Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti Pokiston nigohida” mavzusida xalqaro davra suhbati o‘tkazilgani, anjumanda Pokiston va Kanada ekspertlari onlayn-oflayn shaklda faol ishtirok etgani ham vaqt izmiga bo‘ysunmas abadiy g‘oyaning global ahamiyatidan dalolat.

O‘tgan yil oxirida O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘zbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” asari rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mamlakatimiz jamoat, fan-madaniyat arboblari va yozuvchilar bilan birga Pokistondan Prezidentning Axborot masalalari bo‘yicha maslahatchisi, matbuot kotibi Murtazo Solangiy, Bosh vazirning savdo masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Ehson Afzal Xon, ushbu mamlakatning yurtimizdagi  Favqulodda va muxtor elchisi Faruq Ahmad, televideniye siyosiy sharhlovchisi Xon Farxona, “Daily Ittyeihad” media-guruhi rahbari Tohir Faruq va boshqa yuqori martabali shaxslar ishtirok etib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishgan edi.

Xorijlik siyosatchi va ilmiy ekspertlar fikricha, yozuvchi Muhammad Abbos Xon qalamiga mansub ushbu asar nafaqat Pokistonda, balki Osiyo va Yevropaning qator mamlakatlarda ham yuqori baholanmoqda.

Xususan, Pokiston Prezidenti maslahatchisi, matbuot kotibi Murtazo Solangiy shunday deydi:

– Pokiston Prezidenti Asif Al Zardoriy O‘zbekiston “Uchinchi Renessans” taraqqiyot modelini hayotga tatbiq etish borasida ulkan natijalarga erishayotganini e’tirof etib, bu nafaqat taraqqiyot sari tashlangan qadam, balki boshqa mamlakatlar uchun ham ilhom manbai, dunyo uchun muhim tajriba ekanini shaxsan ta’kidladi. Bu strategik fikr va strategik g‘oyadir. Prezident Pokiston bu yo‘lda ishonchli hamkor sifatida O‘zbekiston bilan logistika, savdo va boshqa barcha sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirishdan manfaatdorligini albatta sizlarga yetkazib qo‘yishimni so‘radi.

Bu so‘zlar davlatimiz rahbarining hamkorlik va xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmatga asoslangan tashqi siyosat strategiyasi xalqaro miqyosda yuksak e’tirof qilinayotgani dalilidir.

Bugun yer yuzida Yangi O‘zbekiston iqtisodiyotiga qiziqish, investitsiya kiritish taklifi tobora keng ko‘lam kasb etyapti. Davlatimiz rahbarining Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi zamirida jahon xalqlariga iqtisodiy munosabatni “nizo emas, hamkorlik” tamoyili asosida olib borish zaruratiga oid aniq, global ahamiyatga molik takliflar mujassam. Bu takliflar iqtisodiy soha bilan cheklanmay, madaniy almashinuv, ilmiy faoliyat, shuningdek ta’lim va turizm sherikligini ham qamrab oladi.

Shu jihatdan Pokiston Bosh vazirining savdo masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Ehson Afzal Xon kitob taqdimoti marosimida so‘zlagan nutqida “O‘zbekiston ‒ yalpi ichki mahsuloti barqaror o‘sib borayotgan, turizmni iqtisodiyot drayverlaridan biriga aylantira olgan, kambag‘allikni izchil kamaytirib, yoshlar ta’limini davlat siyosati darajasiga ko‘targan mamlakatdir”, – deya qayd etgani davlatimiz rahbari g‘oyalari siyosatchilar qalbidan mustahkam joy olayotganini ko‘rsatadi.

– Aniq ayta olamanki, – deya yakunladi o‘z fikrini Ehson Afzal Xon, – Pokiston Markaziy Osiyodagi eng muhim va ishonchli hamkori sifatida O‘zbekistonning samarali rivojlanish modelini yaqindan o‘rganib, 2029 yilga qadar o‘zaro savdoni ikki barobar oshirish, raqamlashtirish va ilg‘or texnologiya sohasidagi umumiy sa’y-harakatlar ko‘lamini kengaytirish niyatida. Pokistonlik biznesmenlar O‘zbekistonni ishonchli hamkor, deb biladi.

Albatta, bu ishonch tasodif emas, strategik sheriklik, xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmatga asoslangan do‘stona munosabat asosidir.

Xalqaro ekspertlar fikricha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo tom ma’noda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot markaziga aylanmoqda. Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyevning global tashabbuslari ahamiyati va ta’siri cheksiz. Bugungi kunda O‘zbekiston 160 dan ortiq davlat bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan, 100 dan ziyod xalqaro tashkilotning to‘laqonli a’zosi hisoblanadi.

So‘nggi yillarda diyorimiz xorijiy davlatlar bilan mingdan ziyod xalqaro hujjat imzoladi, 26 universal shartnoma ishtirokchisiga aylandi.

Bugungi kunda O‘zbekiston “yopiq qal’a” emas, balki “ochiq eshiklar” mamlakatiga aylandi. Turizmni rivojlantirish, vizasiz rejim o‘rnatish, xorijiy investorlar uchun qulayliklar yaratish – bularning bari davlatimiz rahbari tashqi siyosatining pragmatik, uzoqni ko‘zlagan yo‘nalishini yaqqol namoyon etadi.

Shu tariqa yurtimiz nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahonda do‘stlik, hamkorlik va ochiqlik tamoyillar asosida siyosat yuritayotgan ilg‘or davlat sifatida tanilmoqda.

Xususan, Pokiston televideniyesi siyosiy sharhlovchisi Xon Farxona ham Uchinchi Renessans g‘oyasining ma’naviy-ma’rifiy jihatiga yuksak baho berdi:

– Men Shavkat Mirziyoyevni Islom olamining XXI asrdagi vijdon ovozi, deb bilaman. U nafaqat 2017 yil BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi, balki barcha xalqaro minbarlarda muqaddas dinimizning asl mohiyati – mehr-oqibat, tinchlik va haqiqatni yoqlab, Islomni jasorat va sharaf bilan himoya qilmoqda. Muhtasham bir davlat barpo etayotgan bu yetakchining Uchinchi Renessans g‘oyasi, ta’lim-tarbiya, madaniyat-ma’rifat va ilm-fan rivojiga qaratayotgan ulkan e’tibori zamirida naqadar kuchli falsafa, o‘zbek xalqining azaliy qadriyati yotganini angladim. Mazkur tashabbuslar global miqyosda dunyo uchun yangi taraqqiyot falsafasi, barqaror kelajakka qaratilgan amaliy strategiya sifatida ham ahamiyatli.

Yozuvchi Muhammad Abbos Xonning so‘zlariga ko‘ra, “Ishonch adovatni, bilim jaholatni, hamkorlik esa qarama-qarshilikni yengadi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatining asosiy prinsipi, Yangi O‘zbekistonning g‘alaba formulasidir”.

Gulhayo Barnoyeva, siyosiy fanlar nomzodi, ekspert

O‘zA