Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi
18:42 / 2023-05-29

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining navbatdagi majlisi o‘tkazildi.

Okrug saylov komissiyasi raisi X.Muhammadiyev boshqargan yig‘ilishda dastlab uchastka saylov komissiyalari tarkibini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi. Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan kalendar rejaga ko‘ra, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganida tuziladi. Uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan taklif etilib, bu nomzodlar Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinadi hamda tegishli okrug saylov komissiyasiga tasdiqlash uchun tavsiya etiladi.  

– Xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining uchastka komissiyalari tarkibi bo‘yicha tavsiyalarini atroflicha ko‘rib chiqdik, – deydi okrug saylov komissiyasi kotibi O.Toshniyozov. – Uchastka komissiyasi a’zoligiga nomzodlar yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy ma’lumotga, saylov va referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lishi, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar ekanligiga alohida e’tibor qaratdik. Komissiya a’zolari tomonidan har bir nomzodga doir ma’lumotlar sinchkovlik bilan o‘rganib chiqildi. Imkon qadar gender tengligiga erishishga, komissiya a’zolari safida huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning hamda fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari bo‘lishiga harakat qildik. Okrug hududidagi 1112 ta uchastka komissiyalari tarkibi umumiy soni 11874 nafarni tashkil etadi. Ularning10155 nafari yoki 86 foizi avval saylovlarda qatnashgan, bu borada tajribaga ega. Birinchi marotaba qatnashayotganlar 1719 nafarni tashkil qiladi.  

Komissiyalar tarkibida xotin-qizlar 5822 nafar, 30 yoshgacha bo‘lganlar 15 foiz. Shuningdek, komissiya a’zolarining 1 foizi yoki 141 nafarini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etmoqda. Mutaxassisligi bo‘yicha 51 foizi pedagog, 11 foizi tibbiyot xodimi, 8 foizi iqtisodchilar, 5 foizi muhandislar va boshqa sohalar vakillaridan iborat. Uchastka saylov komissiyalari raislarining 317 nafari, rais o‘rinbosarlarining 279 nafari, kotiblarning 396 nafari xotin-qizlarni tashkil etadi. Majlisda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan dastur asosida uchastka saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitish, bunda okrug komissiyasi tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.  

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA