Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi hududidagi uchastka saylov komissiyalari raisi, o‘rinbosari va kotiblari uchun o‘quv-seminar mashg‘uloti o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning 9 iyul kuni bo‘ladigan muhim siyosiy jarayonni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun Termiz shahrida 48 saylov uchastkasi faoliyat yuritmoqda. Saylovni milliy qonunchiligimiz doirasida ochiq, oshkora o‘tkazish uchun voha markazidagi 26-umumta’lim maktabida boshlangan mashg‘ulotda 144 nafar tinglovchi guruhlarga bo‘lingan holda ishtirok etmoqda. Ular saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha o‘quv-amaliy qo‘llanmalar bilan ta’minlandi. Malakali trenerlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid qonun hujjatlari bilan yaqindan tanishtirib, saylov komissiyalari va ularning vakolatlari, saylovchilar ro‘yxatlari bilan ishlash, uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarni jihozlash va muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish kabi jarayonlar haqida atroflicha ma’lumot bermoqda.
Viloyatda tashkil etilgan 861 saylov uchastkasiga 9 ming 663 nafar a’zo jalb etilgan. O‘quv-seminarda 2 ming 583 nafar komissiya raisi, o‘rinbosari va kotibi malaka oshirib, o‘z bilim va ko‘nikmasini yanada mustahkamlaydi. Ularga 74 nafar trener dars mashg‘ulotlarini o‘tib, saylovga oid xalqaro standartlarning muhim talablari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarini tuzish tartibi va faoliyatining asosiy jihatlari, saylov uchastkasida amaliy mashg‘ulot va mavjud tajribani o‘rganish, saylov uchastka komissiyaning ovoz berish kunidagi faoliyati singari mavzularda qiziqarli ma’ruzalar bilan ishtirok etadi.
Hududlardagi namunali saylov uchastkalarida ko‘rgazmali seminarlar tashkil etiladi. Mashg‘ulotlar yakunida tinglovchilar test savollariga javob berib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini sinovdan o‘tkazadi. O‘quv-seminar qizg‘in davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri