Uch yillik dastur muhokamasida xalqaro hamkorlik
Mazkur topshiriq doirasida tashkil etilgan tadbirda intellektual mulk sohasini rivojlantirish boʻyicha jahon tajribasini oʻrganish hamda uch yillik dasturni ishlab chiqish, uni amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi hamda Butunjahon intellektual mulk tashkiloti – BIMT hamkorligida “Intellektual mulk sohasini rivojlantirish boʻyicha uch yillik dastur” muhokamasiga bagʻishlangan onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Maʼlumki, joriy yil 12-oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida intellektual mulk obyektlari muhofazasini takomillashtirish boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda barcha vazirlik va idoralar, oliy oʻquv yurtlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va hududlar bilan birgalikda intellektual mulk sohasini rivojlantirishga qaratilgan uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi belgilandi.
Mazkur topshiriq doirasida tashkil etilgan tadbirda intellektual mulk sohasini rivojlantirish boʻyicha jahon tajribasini oʻrganish hamda uch yillik dasturni ishlab chiqish, uni amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Innovatsion rivojlanish, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Yuristlar malakasini oshirish markazi, ilmiy-tadqiqot institutlari masʼullari ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuvda BIMT xalqaro eksperti Ron Marchant (Buyuk Britaniya), BIMT masʼul xodimi Ilya Gribkov maʼruza qildi.
Mutaxassislar maʼruzalarida Butunjahon intellektual mulk tashkiloti hamda jahon tajribasining ilgʻor namunalari bilan tanishtirib, ularni Oʻzbekistonda joriy etish masalalari, har bir vazirlik va idoralar, taʼlim muassasalari, tarmoqlar misolida intellektual mulk sohasidagi rivojlanishning lokal dasturlari qanday tayyorlanishi kerakligi boʻyicha batafsil maʼlumot berdi.
Taʼkidlanganidek, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirishdan oldin intellektual mulk obyektlari muhofazasini taʼminlash zarur. Uch yillik dastur intellektual mulk obyektlarini yaratish, shuningdek, ularni tijoratlashtirishda ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy taʼlim muassasalarining rolini oshirish, ushbu tashkilotlarda ixtirochilikni faollashtirishga qaratiladi.
Yaqin istiqboldagi uch yillik dastur ishlab chiqilishi idoralararo hamkorlikning rivojlanishiga turtki beradi.