Qonun loyihasiga sharh
Pirotexnika buyumlari inson hayoti va salomatligiga xavfli ekanligini hammamiz yaxshi bilamiz. Ammo shunday bo‘lsada, bayram va tantanalarda bu kabi vositalardan, mushaklardan zavq olishni yaxshi ko‘ramiz. Afsuski, o‘yindan o‘t chiqdi, deganlaridek, pirotexnika vositalaridan foydalanish oqibatida ko‘plab noxush vaziyatlar sodir bo‘lgani haqidagi xabarlarga tez-tez ko‘zimiz tushadi. Bu kabi holatlarga duch kelmaslik uchun pirotexnika buyumlari muomalasini bartaraf etish, ayniqsa, undan qonunga xilof ravishda foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim bo‘ladi.

Mamlakatimiz hududida pirotexnika buyumlari muomalasini davlat tomonidan nazorat qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida qabul qilingan hujjat – «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga pirotexnika buyumlari qonunga xilof muomalasining oldini olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ham ayni masalaga qaratilgani bilan e’tiborlidir. Uning mazmun-mohiyati haqida deputat Faxriddin Samadov quyidagilarni qayd etdi:
– Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185/1-moddasida pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda respublikamizga olib kirish, respublikamizdan olib chiqish yoki o‘tkazish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan, – deydi deputat F.Samadov. – Ammo mazkur huquqbuzarliklar uchun bir turdagi jazo nazarda tutilgan bo‘lib, bunda huquqbuzarlik ashyolari musodara qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solinishi belgilab qo‘yilgan. Shundan kelib chiqib, pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi bilan bog‘liq har bir huquqbuzarlik uchun jazo tayinlash chegaralari aniqlashtirilishi zarur.
Qayd etish lozimki, bu turdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarga qaramay, 2021-2023-yillarda 239 holatda 1 milliard 693 million so‘mlik 301 ming 644 dona pirotexnika vositalari noqonuniy tarzda mamlakatimizga olib kirilgan. Shunday ekan, pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi bilan bog‘liq ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish orqali mazkur huquqbuzarliklar profilaktikasining ta’sirchanligini oshirish zarur.
Mazkur hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga pirotexnika buyumlarining qonunga xilof muomalasi bilan bog‘liq har bir huquqbuzarlik uchun javobgarlikni huquqbuzarlikning xavflilik darajasidan kelib chiqqan holda belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilyapti.
Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlariga mazkur ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnomalarni rasmiylashtirish vakolati berilmoqda. Pirotexnika buyumlari muomalasida davlat nazoratini amalga oshirish uchun ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari jalb etilishi mavjud amaliyotning bir qancha xususiyatlarini ijobiy tomonga o‘zgartiradi.
Mazkur hujjat quyi palatamizda qabul qilinib, Senatga yuboriladigan bo‘ldi. Uning qabul qilinishi natijasida pirotexnika vositalarining muomalasi sohasida davlat nazoratini kuchaytirishga, ularning noqonuniy aylanishining oldini olish, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini hamda mol-mulkini saqlash, shuningdek, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga erishiladi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA