French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uch yarim ming yillik qadriyatning tantanasi
10:24 / 2024-09-06

6 sentyabr – Xalqaro kurash kuni

Bundan 26 yil muqaddam, 1998 yil 6 sentyabrda 28 ta davlat delegatlari tashabbusi bilan Toshkentda milliy qadriyatimiz, xalqimizga xos bo‘lgan mardlik, jasurlik, vatanparvarlik, gumanizm g‘oyalarini o‘zida mujassam etgan milliy sportimiz kurashni ommalashtirish, rivojlantirish uni umumjahon durdonasiga aylantirish maqsadida Xalqaro kurash assotsiatsiyasiga asos solingandi.

Shundan buyon ushbu sana norasmiy bayram sifatida nishonlab kelingan bo‘lsa, 2017 yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan 6 sentyabr  "Xalqaro kurash kuni" sifatida belgilandi.

O‘tgan yillar davomida davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi, alohida e’tibori natijasida kurash sporti bo‘yicha o‘nlab jahon va qit’a chempionatlari, nufuzli turnirlar tashkil etildi.

Kurash yozgi Olimpiya o‘yinlarining muhim bo‘g‘ini bo‘lgan Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritildi.

Uch yarim ming yillik tarix, ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan boy an’analar, zamonaviy kurash qoidalarida mujassamlangan mahorat sirlari barchasi kurashda mujassam.

Kurash bugun Yevropadan Afrikagacha, Janubiy Amerikadan Yaponiyaga qadar millionlab muxlislar qalbidan joy oldi.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasining Toshkentda joylashgan qarorgohida ushbu sanaga bag‘ishlangan tantanali tadbir tashkil etildi.

Unda davlat va jamoat arboblari, Italiya, Yaponiya, Qatar, Birlashgan Arab Amirligi kabi qator xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi, milliy kurash federatsiyalar rahbarlari, Kurash bo‘yicha jahon chempionlari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Bayram dasturini Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon va O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri o‘rinbosari Shahrulla Mahmudov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.

Mutasaddilar kurashning rivojlanishi va ommalashishiga hissa qo‘shgan barcha insonlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shundan so‘ng Xalqaro kurash assotsiatsiyasi faoliyatiga bag‘ishlangan videorolik namoyish etildi.

Tadbir davomida milliy sportimiz kurashning rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh mutaxassislar, sportchilar, murabbiylar «Jismoniy tarbiya va sport a’lochisi» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Xalqaro kurash assotsiatsiyasining doimiy hamkorlariga minnatdorlik sertifikatlari taqdim etildi.

– Kurash ota-bobolarimizdan meros xalq o‘yini edi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishishi hamda bir guruh fidoyi insonlarning sa’y-harakati bilan sport turiga aylandi. Uning zamonaviy qonun-qoidalari ishlab chiqildi. Bayrog‘imizdan jilo olgan yashil va ko‘k rangli liboslari yaratildi. Bugun yashil-ko‘k yaktak kiygan dunyo kurashchilari jahon sport maydonlarida sof o‘zbekona iboralar yordamida milliy sportimizni targ‘ib qilish bilan birga O‘zbekiston bayrog‘ini, uning shonli nomini ulug‘lab kelmoqda. Ayni holat, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari so‘rilgan «Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!» shioriga hamohang ekanligi bilan ahamiyatlidir, — deydi Xalqaro kurash assotsiatsiyasi matbuot xizmati rahbari Jamshid Nomozov.

Kurash bayrami yosh kurashchilarning jozibali ko‘rgazmali chiqishlari, kuy qo‘shiq va raqslar bilan ko‘pga manzur bo‘ldi. Bayramona kayfiyat, kurashning maftunkor usullari barchaga olam-olam zavq bag‘ishladi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA